O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
Aprel 09, 2026. 18:48 • 2 daq
• 48
TOSHKENT, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun mamlakatimizda buyuk davlat arbobi, o‘zbek davlatchiligi asoschisi, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar va xotira marosimlari tashkil etilmoqda.
Poytaxtimiz markazida joylashgan Amir Temur xiyobonida ham ana shunday ehtiromga loyiq tadbir bo‘lib o‘tdi. Buyuk sarkarda haykali poyiga gul qo‘yish marosimida turli vazirlik va idoralar vakillari, jamoatchilik faollari, xorijiy mehmonlar hamda keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etdi. Marosim milliy qadriyatlar va tarixiy xotiraga yuksak ehtirom ramzi sifatida o‘tdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimlari tomonidan ham Sohibqiron xotirasiga yuksak hurmat ko‘rsatilib, haykal poyiga gulchambar qo‘yildi. Bu kabi amaliy ehtirom nafaqat tarixga hurmat, balki buyuk ajdodlar merosini qadrlash va uni kelajak avlodlarga yetkazishning yorqin namunasidir.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Amir Temurning davlatchilik, harbiy sanʼat va diplomatiya sohalaridagi beqiyos merosi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Taʼkidlanganidek, Sohibqiron tomonidan barpo etilgan markazlashgan davlat tizimi, adolatli boshqaruv tamoyillari va xalqaro munosabatlardagi puxta siyosat bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Ayniqsa, Amir Temurning “Kuch – adolatdadir” degan tamoyili bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Sohibqiron merosi yosh avlodni vatanparvarlik, sadoqat, fidoyilik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashda beqiyos maʼnaviy manba sifatida qadrlanmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ochiqlik va hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat, milliy tiklanish va taraqqiyot yo‘lidagi saʼy-harakatlarda ham Sohibqiron merosining ruhi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu tariqa, Amir Temur tavalludining 690 yilligi nafaqat tarixiy sana, balki xalqimizning buyuk o‘tmishiga bo‘lgan cheksiz hurmati, milliy o‘zlikni anglash va kelajakka ishonch bilan qarashining yorqin ifodasi sifatida keng nishonlanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi