Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Pokiston xalq partiyasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

May 07, 2026. 08:10 • 3 daq

401
O‘zbekiston delegatsiyasi Pokiston xalq partiyasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

KARACHI, 7-may. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va elchi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Karachi shahriga tashrifi doirasida Pokiston xalq partiyasi raisi Bilaval Bhutto-Zardariy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Navoiy viloyatida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali sanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda davlat-xususiy sherikchilik asosida farmatsevtika sohasida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yo‘nalishda Pokistonning ilg‘or tajribasini jalb qilish, yuqori sifatli dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy bozorni taʼminlash bilan bir qatorda eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Pokistonning ilg‘or agrotexnologiyalari va yuqori hosilli urug‘laridan foydalangan holda Navoiy viloyatida kartoshka yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Tomonlar logistika va transport infratuzilmasidan samarali foydalanish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Navoiy xalqaro aeroportining qulay geografik joylashuvi va zamonaviy logistika imkoniyatlaridan foydalangan holda Pokistondan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, ushbu mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu esa ikki tomon uchun ham iqtisodiy manfaatlarni taʼminlash bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Chorvachilik sohasidagi hamkorlik ham uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Pokiston tomoni Navoiy viloyatiga yirik va mayda shoxli chorva mollarini yetkazib berish, shuningdek, seleksiya, veterinariya xizmati va chorvachilik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini tasdiqladi. Bu esa hududda chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, mahsuldorlikni oshirish va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash imkoniyatini yaratadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy loyihalarni tezkor amalga oshirish va doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda hududlararo hamkorlik muhim o‘rin tutishi urg‘ulandi.

Ushbu muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish