G‘arbiy Yevropada kuchli jazirama: Fransiyada o‘lim holatlari keskin oshdi

Iyun 29, 2026. 14:00 • 3 daq

49
G‘arbiy Yevropada kuchli jazirama: Fransiyada o‘lim holatlari keskin oshdi

PARIJ, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. So‘nggi kunlarda G‘arbiy Yevropa aholisi anomal issiqning navbatdagi to‘lqinini boshdan kechirmoqda, ayniqsa, Fransiyada kuchli jazirama fonida kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari tobora ortib bormoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Deutsche Welle”ning yozishicha, Fransiyaning g‘arbida 24-iyundan buyon qayd etilgan o‘limlar soni avvalgi oylar ko‘rsatkichidan qariyb mingtaga ko‘p bo‘lgan. 28-iyun kuni eʼlon qilingan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 23-iyundan boshlab kunlik o‘lim holatlari sezilarli darajada ortgan. Ayniqsa, eng yuqori – “qizil” xavf darajasi joriy etilgan hududlarda, xususan, uyida vafot etganlar sonining keskin ko‘paygani kuzatilgan.

O‘lim ko‘rsatkichlari ayniqsa Il-de-Frans, Yangi Akvitaniya, Bretan, Luara vodiysi, Normandiya va Peyi-de-la-Luar hududlarida yuqori bo‘lgan. Ushbu hududlarda eng yuqori darajadagi issiqlik xavfi eʼlon qilingan.

“France 24”ning xabar berishicha, Fransiya Jamoat salomatligi agentligi shu yil 24-iyundan buyon qayd etilgan o‘limlar soni avvalgi oylar ko‘rsatkichlariga nisbatan qariyb 1000 taga ko‘payganini maʼlum qilgan. Ushbu raqamlar dastlabki hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lib, yakuniy maʼlumotlarda qurbonlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, jazirama ko‘proq keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar va zaif qatlam vakillari uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Qayd etilishicha, vafot etganlarning 85 foizi 65 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolar sanaladi. Eng ko‘p o‘lim holatlari qizil ogohlantirish eʼlon qilingan hududlarda, xususan, Parij va uning atrofini qamrab olgan Il-de-Frans mintaqasida kuzatilgan. Shuningdek, o‘limlarning katta qismi uy sharoitida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Agentlik bu holat yolg‘iz yashovchi va ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolgan insonlarga ko‘proq eʼtibor qaratish zarurligini ko‘rsatishini taʼkidlagan. Ayniqsa, yirik shaharlarda bunday fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha birdamlik choralarini kuchaytirishga chaqirilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Yevropa hozir dunyodagi eng tez isib borayotgan qitʼa ekanini taʼkidlab, hukumatlarni aholini ekstremal issiqdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ob-havo hodisalari kelgusida yana-da tez-tez kuzatilishi mumkin.

“Reuters”ning qayd etishicha, jazirama Germaniyada ham kuzatilmoqda. Mamlakat meteorologiya xizmati (DWD) maʼlumotiga ko‘ra, 27-iyun kuni Saksoniya–Anhalt federal yeridagi Drevis qishlog‘ida havo harorati 41,5 darajani tashkil etib, Germaniya tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.

Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajadan oshib, favqulodda ogohlantirishlar eʼlon qilingan. Maʼlum qilinishicha, Germaniyada Fransiya bilan chegaradosh Saarbryukken shahri yaqinida 41,3 daraja issiq qayd etilgan. Mamlakat meteorologiya xizmati bu ko‘rsatkich dastlabki maʼlumot ekanini bildirgan. Deyarli butun Germaniya bo‘ylab kuchli jazirama haqida ogohlantirish eʼlon qilinib, ayrim hududlarda harorat 42 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Germaniyada jazirama transport tizimiga ham taʼsir ko‘rsatmoqda. Mamlakatning milliy temir yo‘l operatori yo‘lovchilarga uzoq masofali safarlarni jarimasiz bekor qilish imkonini berdi. Shimoliy Reyn–Vestfaliya yerida ayrim poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Gamburg yaqinida esa kuchli issiq tufayli asfalt yorilib ketgani sabab A7 avtomagistralining bir qismi yopilgan.

Italiyada esa Milan, Rim, Turin, Venetsiya, Florensiya va Bolonya kabi 18 ta shaharda eng yuqori darajadagi issiqlik ogohlantirishi eʼlon qilingan. Ayrim hududlarda havo harorati 39 darajagacha yetishi kutilmoqda. Kuchli jazirama sabab bir qator ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari jadvaliga ham o‘zgartishlar kiritilgan.

Olimlar bunday jazirama inson faoliyati oqibatidagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanini taʼkidlamoqda. Ularning fikricha, so‘nggi haftadagi yuqori tungi haroratlar bundan yigirma yil avvalgidan qariyb 100 barobar ko‘proq kuzatilmoqda.

“Anadolu” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish