O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi yurtimizdagi texnikumlarga xorijiy tillardagi adabiyotlarni taqdim etdi
Mart 24, 2026. 09:30 • 2 daq
• 3
ISLOMOBOD, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Pokistondagi elchixonasi tomonidan yurtimizdagi 33 ta kasb-hunar texnikumiga ingliz va urdu tillaridagi kitob hamda jurnallar yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashabbus mamlakatimiz yoshlarining bilim va ko‘nikmalarini zamon talablari asosida rivojlantirish, kasb-hunar texnikumlarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida uyushtirildi.
Shu maqsadda elchixonaga biriktirilgan Nukus, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, shuningdek, Yakkasaroy, Mirishkor, Olot, Izboskan, Xonobod va Dang‘ara tumanlarida joylashgan jami 33 ta texnikum bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Texnikumlar rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi. Jumladan, onlayn darslarni tashkil etish, xorijiy tillar o‘qitiladigan maxsus xonalarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘quvchilarni zarur o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijiy mutaxassislar ishtirokida muntazam onlayn mashg‘ulotlar tashkil etish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish kabi muhim yo‘nalishlar ham belgilandi. Bu kabi ta’lim dasturlari texnikumlarda ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston vakillarini Pokistonning kasbiy ta’lim tizimi tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, texnikumlarda zamonaviy sinf xonalarini metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etish, ta’lim almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro grantlarni jalb etish rejalashtirilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Pokistondagi nufuzli nashriyotlar tomonidan chop etilgan qariyb 2500 nusxadan iborat ingliz va urdu tillaridagi kitob va jurnallar O‘zbekistonga yuborildi.
Mazkur adabiyotlar texnikumlardagi o‘quv jarayonini mazmunan boyitish, o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xorijiy tillarda erkin muloqot qilish salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda diplomatik vakolatxona tomonidan texnikumlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, shuningdek, ta’lim sohasida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishi, yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi