O‘mondagi yodgorliklarda Temuriylar san’ati va me’morchiligidan keng foydalanilgan
Mart 24, 2026. 08:10 • 3 daq
• 3
MASKAT, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari O‘monda saqlanayotgan Amir Temur va Temuriylar davriga oid kitoblar va qo‘lyozmalar hamda ushbu davr san’ati, me’morchiligi va miniatyuralariga oid eksponatlarni o‘rgandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, Sultonlik saroyida Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaraning bezaklaridan (muqarnas) andoza olib ishlangan taxt mavjud.
Ushbu muqarnas koshinlangan sopoldan yasalgan bo‘lib,
1360–1361-yillarda Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasida barpo etilgan maqbaraning ichki qismidagi burchak muqarnasning bezagida ishlatilgan.
Koshin markazidagi shakl “Samarqand uch bargli naqshi” deb ataladi, uning yuqori o‘rta qismi masjid gumbazini tasvirlaydi. Muqarnas temuriylar davri me’morligida keng qo‘llanilgan. Shakl nilufar gullari bilan chatishib ketgan novdalardan iborat o‘simliksimon naqsh bilan to‘ldirilgan.
Bunday bezak “Hayot daraxti”ni ifodalaydi va Allohning barcha joyda hozirligiga ishora qiladi. Ushbu fragment hozirda Sankt-Peterburgda joylashgan Ermitaj muzeyida saqlanadi.
Maskat shahridagi asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Sulton Qobus masjidi hovlisidagi ayvon devorlarining ichki bezaklarida Temuriylar davri me’morchiligining bezak san’ati namunalaridan foydalanilgan.
Masjid ayvonida Temuriylar davlati va me’morchiligiga tavsif berilgan lavha o‘rnatilgan. Ushbu lavhada yozilishicha, “Bu tokcha (nish)lar, Temuriylar davrida gullab-yashnagan bezaklar va dizaynlarning zamonaviy ifodasini aks ettiradi. Bu dizaynlar 737–807 hijriy yillar/1336–1405 milodiy yillar oralig‘ida Markaziy Osiyoning hukmdori Amir Temurga tegishli bo‘lib, uning davriga xosdir.
2016 yilda Sohar shahrida barpo etilgan Sulton Qobus jome masjidi o‘zining me’moriy ko‘rinishi bilan bevosita Samarqanddagi mashhur Go‘ri Amir maqbarasining me’morchilik uslubiga tayanib qurilgan. Binoning baland, qovurg‘ali feruza rangli gumbazi va murakkab koshinkorlik naqshlar XIV–XV asrlardagi Markaziy Osiyo me’morchiligi an’analarini yorqin aks ettiradi.
1437–1469-yillarda Temuriylar saroyida turli davlat lavozimlarida ishlagan Abdurazzoq Samarqandiy Temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning amalga oshirilishida faol ishtirok etgan.
Uning o‘z elchilik safarlari haqida keltirgan “Matlai sa’dayn va majmai Bahrayn” asarida Abdurazzoq Samarqandiy 1442-yili Shohrux tomonidan janubiy Hindistonga yuborilgan elchilarga boshchilik qilganini yozgan. Elchilar 1442-yili 13-yanvarda Hirotdan yo‘lga chiqib may oyida Maskat sohiliga yetib keladi va kema nosozligi sabab, O‘mon hududlarida 4 oy qolib, so‘ngra Hindistonga yo‘l oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi