O‘zbekistonlik tadqiqotchilar Fransiyadagi “CIRAD” markazida malaka oshiradi
Mart 21, 2026. 14:25 • 2 daq
• 98
PARIJ, 21-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nodir G‘aniyev Fransiya poytaxtida Agronomik tadqiqotlar va taraqqiyot xalqaro markazi (CIRAD) bosh direktori Elizabet Klaveri de Sen-Marten bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
CIRAD – Fransiyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha davlat ilmiy-tadqiqot tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshiradi, uning asosiy ilmiy markazi Monpele shahrida joylashgan.
Muzokaralar chog‘ida qishloq xo‘jaligini innovasion va barqaror rivojlantirish, yerlar unumdorligini oshirish va suv resurslarini samarali boshqarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar barqaror paxtachilik, chorvachilikni rivojlantirish, sho‘rlangan yerlarni tiklash va agroekologik tajriba tashabbuslarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonlik mutaxassislarning Monpeledagi “CIRAD” ilmiy bazasiga tashrifini tashkil etish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi