YUNESKOda O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Mart 21, 2026. 11:26 • 2 daq
• 131
PARIJ, 21 mart. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKOning Parijdagi bosh qarorgohida O‘zbekistonning doimiy vakili Kamol Muxtorov va tashkilot bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Osa Regner o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar avvalida O‘zbekiston tomoni Osa Regnerni yuqori lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning xalqaro tajribasi tarmoqlararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish va YUNЕSKOning amaliy yo‘naltirilgan faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining
43-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu takliflar tashkilot bilan hamkorlikni kengaytirish va global muammolarni hal qilishda uning rolini kuchaytirish strategiyasining bir qismi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning gender tenglik hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi tashabbuslari tizimli davlat siyosatiga tayanishi alohida ta’kidlandi. Bu yo‘nalishlar mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Gender tenglikka erishish milliy strategiyasida mustahkamlab qo‘yilgan.
Tomonlar O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlikning jadal rivojlanishini muhokama qildi. Kun tartibidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkilotning tegishli bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Hamkorlik tarixida muhim voqea bo‘lgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilgani muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Osa Regner O‘zbekiston tomoniga forum yuksak saviyada tashkil etilgani va uning muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni inklyuziv ta’limni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, sifatli bolalar madaniy kontentini ilgari surish, sun’iy intellekt va uning axloqiy jihatlari sohasidagi hamkorlik kabi qator ustuvor tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ma’lumot berdi.
“Buxoro shahrining tarixiy markazi” obyekti hududida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida YUNЕSKOning Butunjahon merosi markazi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida YUNЕSKO vakili O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini tasdiqladi, shuningdek, qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish va O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi