Logo

Dehlida O‘zbekiston elchisi va Rajasthan polo klubi rahbari o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Mart 23, 2026. 11:00 • 2 daq

214
Dehlida O‘zbekiston elchisi va Rajasthan polo klubi rahbari o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

DEHLI, 23-mart. /“Dunyo” AA/. Hindiston poytaxtida O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev va Rajasthan shtati polo klubi (Rajasthan Polo Club) rahbari Vikramaditya Singh o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar ushbu ommabop sport turi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Polo federatsiyasi va Rajasthan polo klubi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat polo sport turini ikki mamlakatning umumiy madaniy va sport merosi sifatida qayta tiklash hamda ommalashtirishga qaratilgan uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Memorandum hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini, jumladan, qo‘shma xalqaro turnirlarni tashkil etish, murabbiylar, hakamlar va texnik xodimlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, bolalar va o‘smirlar polosini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishni qamrab olgan.

Memorandumda mashg‘ulotlar metodikasi, otlarni parvarish qilish standartlari va sport tadbirlarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Memorandumning imzolanishi gumanitar va sport aloqalarini kengaytirishda muhim qadam hisoblanadi.

Suhbat davomida ushbu qadam hindistonlik polochilar “yuragi” bo‘lmish Rajasthanning boy tajribasidan foydalangan holda, O‘zbekistonda poloni professional darajaga olib chiqish, «sport diplomatiyasi» uchun yangi platforma yaratish uchun imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.

O‘zbekistonning Hindistondagi diplomatik missiyasi ikki mamlakatning sport tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini qo‘llab-quvvatlagan holda, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga har tomonlama ko‘maklashmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston shaxmat federatsiyatsiyalari o‘rtasida mazmunli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Hindiston tomoni O‘zbekiston milliy sport turlari - kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalar o‘tkazilishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu saʼy-harakatlar, o‘z navbatida, O‘zbekiston madaniy merosini xalqaro maydonda ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Sport federatsiyalari va klublari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishning muhim omili bo‘lib, nafaqat tajriba almashish va sport mahoratini oshirishga, balki ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga ham asos bo‘lmoqda.

Polo Markaziy Osiyoda chuqur tarixiy ildizlarga ega. Jaypur klubi bilan ushbu kelishuvning imzolanishi asrlar davomida Buyuk ipak yo‘li xalqlarini birlashtirib kelgan ommabop o‘yinning asl ildizlariga ramziy qaytishdir.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish