Chexiyaga ishlash va o‘qishga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun axborot materiallari tayyorlanadi
Iyul 31, 2026. 09:30 • 2 daq
• 22
PRAGA, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Elchixona tashabbusi bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM)ning Chexiyadagi vakolatxonasi direktori Petr Chap bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarning asosiy mavzusi – O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqishdan avvalgi tayyorgarlik (Pre-Departure Orientation – POD) tizimini soddalashtirish, Chexiyaga ishlash, taʼlim olish va xordiq chiqarish maqsadida borayotgan kishilar uchun asqatadigan maxsus videoroliklarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi.
IOM vakillari tomonidan tayyorlanayotgan videomateriallarda fuqarolar uchun eng zarur amaliy maʼlumotlarni qisqa va sodda shaklda yoritish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Xususan, videolarda Chexiyaga kirish va yashash tartibi, vakolatli davlat organlariga murojaat qilish mexanizmi, sog‘liqni sug‘urtalash, mehnat shartnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha zarur maʼlumotlar berilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, xodimlarning huquq va majburiyatlari, ish beruvchini almashtirish tartibi, noqonuniy vositachilik, mehnat ekspluatatsiyasi xavflari hamda huquqlari buzilgan hollarda murojaat qilinadigan vakolatli tashkilotlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yoritish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Videolavhalar davomiyligini 1–2 daqiqa etib belgilash, unda faqat eng muhim maʼlumotlarni qisqa shaklda taqdim etish, batafsil maʼlumotlarni esa QR-kodlar va internet havolalari orqali berish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Videomateriallarni o‘zbek va rus tillarida tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, IOM tomonidan amalga oshirilayotgan Ixtiyoriy qaytish va reintegratsiya dasturi doirasida tayyorlangan ikki videomaterial elchixonaga taqdim etilishi maʼlum qilindi. Mazkur videolarda dasturda ishtirok etish tartibi, zarur hujjatlar, murojaat qilish mexanizmlari hamda ushbu dasturdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifalari yoritilgan. IOM ushbu materiallarning o‘zbek tilidagi namunalarini ham tayyorlashini maʼlum qildi.
Uchrashuv davomida mehnat migrantlari uchun axborot bukletlarini tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. IOM vakillari mehnat huquqi, mehnat shartnomalari hamda tez-tez beriladigan savollarga bag‘ishlangan mavjud axborot materiallarini elchixonaga taqdim etishini bildirdi. Xususan, mehnat huquqiga oid rus tilidagi bukletning 100 nusxasi elchixonaga topshirilishi, elektron variantlari esa foydalanish uchun yuborilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi