“Em Insight”: O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda
Avgust 10, 2026. 15:30 • 2 daq
• 175
LONDON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekiston Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov bilan o‘tkazilgan intervyu eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Intervyuda taʼkidlanishicha, zamonaviy kosmik dastur yo‘lga qo‘yilganidan buyon o‘tgan bir necha yil ichida O‘zbekiston milliy kosmik sohani rivojlantirish uchun mustahkam poydevor shakllantirdi.
Sunʼiy yo‘ldosh orqali monitoring qilish texnologiyalari qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, geologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, kadastr va shaharsozlikni rejalashtirish sohalarida keng qo‘llanilib, kechayotgan jarayonlar haqida tezkor va xolis maʼlumotlar olishni taʼminlamoqda.
Nashrda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Muhiddin Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zkosmos” taʼlimni kosmik sohani rivojlantirishning uchta strategik ustunidan biri sifatida ko‘radi. Mamlakatda taʼlimning turli bosqichlarini qamrab oluvchi dasturlar amalga oshirilmoqda, xalqaro akademik sheriklik kengaytirilmoqda va o‘zbekistonlik talabalarning xorijda tahsil olishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, Yaponiyaning Kyusyu universiteti bilan hamkorlik natijasida yetti nafar o‘zbekistonlik talaba mamlakatdagi birinchi o‘quv sunʼiy yo‘ldoshini yaratishda ishtirok etdi. Maktab o‘quvchilari uchun esa fan, texnologiya va STEM-taʼlimni ommalashtirishga qaratilgan “Oyga missiya” va “Kosmik avtobus” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xalqaro hamkorlik va milliy kompetensiyalarni rivojlantirish yana bir muhim yo‘nalish sifatida eʼtirof etilgan. “O‘zkosmos” AQSH, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va boshqa mamlakatlarning kosmik agentliklari hamda sohaviy tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Intervyuda yozilishicha, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlarini tahlil qilish va ularni amaliy qo‘llash bo‘yicha ishlarning salmoqli qismi allaqachon o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan bajarilmoqda. Xalqaro sheriklik esa ilg‘or tajribalarni o‘rganish va samarali texnologik yechimlarni milliy ehtiyojlarni hisobga olgan holda moslashtirish imkonini bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi