Toshkent Markaziy Osiyodagi yirik to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi
Avgust 17, 2026. 13:00 • 2 daq
• 111
LONDON, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “EM Insights” portalida Toshkentda o‘tkaziladigan “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari” (CAITME 2026) 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, 8-sentabr kuni boshlanadigan ushbu ko‘rgazmada 17 mamlakatdan 250 ta kompaniya va brend ishtirok etadi. Tadbir anʼanaviy “Global Textile Days” haftaligi doirasida tashkil etiladi.
CAITME MDH mamlakatlarida ushbu formatdagi eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma hisoblanadi. U mintaqa to‘qimachilik va tikuvchilik sektorini jihozlash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahsuldorlikni oshirish hamda ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Bu yilgi ko‘rgazmada Germaniya, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSh, Shveysariya kabi yetakchi to‘qimachilik davlatlarining kompaniyalari qatnashadi. Germaniya milliy pavilyon bilan ishtirok etadi.
To‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchilari va ilg‘or texnologiyalar yetkazib beruvchilari orasida Rieter, Uster, Toyota, Muratec, Trützschler, Saurer, Picanol, Karl Mayer, Staubli, Shima Seiki, Epson, Itema, Brückner, Groz-Beckert singari yirik kompaniyalar hamda sohaning boshqa yetakchi vakillari bo‘ladi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston nomidan sohaning yetakchi ishtirokchilari qatnashadi.
9 sentyabr kuni o‘tkaziladigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” alohida loyiha bo‘ladi. O‘zbekistonda ilk bor to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari hamda savdo tarmoqlari, fabrikalar va ixtisoslashgan kompaniyalarning xaridorlari sunʼiy intellektdan foydalangan holda raqamli formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B formatdagi muzokaralarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi