“Arena” jurnali: O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi vizasiz rejim o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda
Avgust 17, 2026. 14:30 • 2 daq
• 62PEKIN, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning ommabop “Arena” sayyohlik jurnalida O‘zbekistonning boy turizm salohiyatini aks ettiruvchi maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, xitoylik sayyohlar uchun O‘zbekiston bugungi kunda Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy merosi va zamonaviy turistik imkoniyatlari mukammal uyg‘unlashgan betakror manzilga aylanmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi kengayib borayotgan iqtisodiy va gumanitar hamkorlik, viza rejimining liberallashtirilishi hamda madaniy almashinuvning faollashuvi bu tarixiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy qisqa muddatli safarlar uchun o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish orqali turizm sohasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Buning natijasida Xitoydan kelayotgan sayyohlar oqimi 3,5 baravarga oshdi. Ushbu tendensiya O‘zbekiston turizm bozorining Osiyo mintaqasidagi jozibadorligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Maqolada yozilishicha, Samarqand haqli ravishda dunyoning asosiy madaniy ramzlaridan biri hisoblanadi. Ulug‘vor madrasalari va nafis koshinlari bilan ajralib turuvchi Registon maydoni Temuriylar Renessansi davrini va shaharning sivilizatsiya markazi sifatidagi jahonshumul ahamiyatini aks ettiradi.
Buxoro esa “Ochiq osmon ostidagi muzey” maqomini saqlab kelmoqda. Bu yerda o‘rta asrlar Markaziy Osiyo muhitini his qilish imkonini beruvchi yuzlab meʼmoriy obidalar, madrasalar, masjidlar, minoralar mujassamlashgan.
YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan-Qalʼa Xivadagi noyob tarixiy namuna bo‘lib, mehmonlarda vaqt bo‘ylab sayohat taassurotini uyg‘otadi.
Meʼmoriy obidalardan tashqari, O‘zbekiston boy nomoddiy madaniy merosni ham asrab kelmoqda. Ipakchilik, sopolchilik, kashtachilik, miniatyura sanʼati, yog‘och va metall o‘ymakorligi kabi anʼanaviy hunarmandchilik turlari faol rivojlanmoqda. Sayyohlar ustaxonalarga tashrif buyurib, mahsulotlarning yaratilish jarayonini bevosita kuzatishlari mumkin.
Buyuk Ipak yo‘lining umumiy tarixiy xotirasiga asoslangan o‘zaro hamkorlik turizm, madaniyat, taʼlim va biznes sohalarida jadal rivojlanmoqda. Viza tartib-taomillarining soddalashtirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


