O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi
Fevral 06, 2026. 16:40 • 2 daq
• 77
TOSHKENT, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Islomobodda Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan batafsil muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston – Pokiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash hamda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.
Shuningdek, Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Asim Munir, Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Isʼhoq Dor bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi va Pokistonning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.
“Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Pokistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan birining faxriy doktori va professori unvonlari berildi.
Pokiston poytaxtidagi ko‘chalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan boqqa esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani tarixiy meros mushtarakligi, O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yana-da yaqinlashganining ramzi bo‘ldi.
Davlat tashrifi yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi. “Nurxon” aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
