Logo

Xiva “O‘zgaruvchan dunyoda strategik hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo va Germaniya ekspertlar forumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Aprel 10, 2026. 09:00 • 2 daq

196
Xiva “O‘zgaruvchan dunyoda strategik hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo va Germaniya ekspertlar forumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

TOSHKENT, 10-aprel. /“Dunyo” AA/  16–17-aprel kunlari Xiva shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya ekspertlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil sentyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ilgari surgan tashabbusini amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning yurtimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etiladi.

Forumda Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, nufuzli ekspertlar, ilmiy va taʼlim doiralari vakillari hamda biznes hamjamiyati vakillari kabi 50 dan ortiq ishtirokchi ishtirok etadi.

Uchrashuvdan maqsad “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatini sifatli tahliliy qo‘llab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar platformasini ishga tushirishdan iborat.

Muhokamaning asosiy yo‘nalishlari siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va iqtisodiy kooperatsiya va sanoat sherikligini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, shuningdek, akademik almashinuvlar va uyushgan mehnat migratsiyasini rivojlantirish orqali inson kapitaliga sarmoya kiritish kabi masalalarni qamrab oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish