Farg‘ona viloyati hokimi XV Xitoy xorijiy investitsiyalar yarmarkasida nutq so‘zladi
Noyabr 05, 2026. 09:30 • 3 daq
• 182PЕKIN, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pekinda o‘tkazilgan XV Xitoy xorijiy investitsiyalar yarmarkisi doirasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida ushbu forumda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi, jumladan, mahalliy hokimiyat va ishbilarmon doiralarning 50 ga yaqin vakili ishtirok etdi.
Xitoyning xorijdagi korxonalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi (CODA) tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir Xitoy davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, investitsiya kompaniyalari va biznes hamjamiyatining 1000 dan ortiq vakilini jamladi.
Yalpi majlisda Slovakiya bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot vaziri Denis Sakova, Xitoy Davlat taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi vakillari, CODA rahbariyati, shuningdek, “China Energy Engineering”, “Geely” va “Sany” kabi yirik kompaniyalarning rahbarlari so‘zga chiqdilar.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov onlayn tarzda ishtirok etib, mintaqaning iqtisodiy salohiyati va xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik istiqbollarini haqida so‘zlab berdi.
Forum doirasida O‘zbekiston, Slovakiya, Iordaniya, Nikaragua, Maldiv orollari va Mozambik elchilarining muloqoti ham bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek-xitoy munosabatlarining strategik xususiyati hamda savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari qayd etildi.
Maxsus “Farg‘ona burchagi” ko‘rgazmasida viloyatning eksport mahsulotlari — to‘qimachilik, oziq-ovqat tovarlari, keramika va xalq hunarmandchiligi buyumlari namoyish qilindi. Shuningdek, G2B va B2B formatlaridagi muzokaralar o‘tkazilib, ularning yakunlari bo‘yicha qator yo‘nalishlarda hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Szyan Yun, CODA bosh kotibining o‘rinbosari:
- O‘zbekiston delegatsiyasi XV Xitoy xorijiy investitsiyalar yarmarkisida muvaffaqiyatli ishtirok etib, xitoylik kompaniyalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Farg‘ona viloyati taqdimoti tufayli biz mintaqadagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalari haqida xabardor bo‘ldik. Xitoylik tadbirkorlar viloyat vakillari bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishonchim komilki, bu tadbir har ikala tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘ladi.
Katerin Sin, “Huaihai Holding Group” kompaniyasi vitse-prezidenti:
-Farg‘ona viloyati boy investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatga ega bo‘lib, xitoylik kompaniyalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hozirda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Xitoylik ishtirokchilar viloyatga investitsiya kiritish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarda qatnashish istagini bildirdilar.
Vu Keguan, CODA vitse-prezidenti:
- Ushbu keng ko‘lamli forum unda qatnashayotgan barcha davlatlar uchun katta ahamiyatga ega. Farg‘ona viloyati uchun bu yangi hamkorlarni topish hamda o‘z savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini batafsil tanishtirish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada kengayadi.
Li Veyfan,“Feniks” telekanali prodyuseri:
- Men ushbu forumda qatnashganimdan juda mamnunman. Bu yerda turli mamlakatlar delegatsiyalari o‘z taqdimotlarini namoyish etdilar. Men uchun Farg‘ona viloyatining taqdimoti ayniqsa qiziqarli bo‘ldi.
Men avval ham O‘zbekistonda bo‘lganman va bir yil ichida mamlakatdagi xitoylik korxonalar soni ikki barobar ortganini bildim. Bu juda salmoqli ko‘rsatkichdir. CODA sizning mamlakatingizda yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishiga ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







