“Associated Press of Pakistan” AA: O‘zbekiston texnologik autsorsingning global xabiga aylanmoqda
Oktabr 05, 2026. 18:00 • 2 daq
• 6
ISLOMOBOD, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pakistanning markaziy axborot agentligi — “Associated Press of Pakistan” nashrida O‘zbekistonning jahon texnologik autsorsing bozoridagi o‘rni va erishayotgan yutuqlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada mamlakatimizda IT-autsorsing xizmatlari hajmi 2019-yildagi 3,2 million dollardan 2025-yilda 716,4 million dollarga yetgani, IT-kompaniyalar soni esa 369 tadan 3,4 mingtaga ko‘paygani alohida qayd etilgan. Shu bilan birga, umumiy IT-xizmatlar hajmi 2,8 milliard dollarni tashkil etgani ta’kidlangan. Muallifning fikricha, eng muhim o‘zgarish faqat raqamlarning o‘sishida emas, balki O‘zbekistonning xalqaro xizmatlar zanjiridagi roli o‘zgarib, mamlakat alohida texnologik vazifalarni bajarishdan korporativ funksiyalarning keng spektrini joylashtirish bosqichiga o‘tayotganidir.
Nashrda O‘zbekistonda 220 dan ortiq universitet faoliyat yuritayotgani, ularning 145 tasida IT-yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berilayotgani yoritilgan. Bugungi kunda texnologik autsorsing faqat dasturlash bilan cheklanib qolmayapti — BPO (mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ma’lumotlarni qayta ishlash, ma’muriy va operatsion jarayonlar) yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Ushbu sohada 540 dan ziyod kompaniya va 14,5 mingdan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda (taqqoslash uchun, 2020-yilda atigi 136 nafar xodim bo‘lgan).
“IT Park Uzbekistan” ekosistemasida 4 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgani, ulardan 1,1 mingdan ziyodi 75 ta xorijiy davlat kapitali ishtirokida tashkil etilgani va yaratilgan ish o‘rinlari soni 56 mingdan oshib ketgani urg‘ulangan.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston jahon autsorsing bozoriga chiqish uchun zarur sharoitlarni — yirik va yosh kadrlar bazasi, rivojlanayotgan IT-sektor, kengayayotgan BPO va KPO yo‘nalishlari hamda tegishli infratuzilmani allaqachon shakllantirib bo‘ldi. Biroq kelajakdagi taraqqiyot endilikda kompaniyalar soni bilan emas, balki eksport shartnomalarining o‘rtacha hajmi, bajarilayotgan funksiyalar murakkabligi, yirik xalqaro jamoalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar ulushi bilan o‘lchanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi