Oq uy: AQSH, Rossiya va Xitoy yetakchilari Shenchjenda tarixiy uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi
Noyabr 14, 2026. 14:30 • 3 daq
• 26
VASHINGTON, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin joriy yilning 19-noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Osiyo-Tinchoq okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammiti doirasida tarixda ilk bor uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN” telekanaliga tayanib.
Muzokaralarning asosiy mavzulari yadroviy qurollarni qisqartirish, yirik yadroviy davlatlar o‘rtasidagi yangi kelishuv istiqbollari va Eron atrofidagi vaziyatdir.
Oq uy matbuot kotibining yordamchisi Oliviya Ueyls Donald Tramp Rossiya va Xitoy yetakchilari bilan global yadroviy arsenallarni qisqartirish masalasini muhokama qilish niyatida ekanini tasdiqladi.
“Prezident, boshqa mavzular qatorida, dunyodagi yadroviy qurollarni qisqartirish masalasini muhokama qilishini ochiq ko‘rsatdi. Prezident yadro qurolining tarqalishini o‘ta xavfli deb hisoblaydi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, mazkur muzokaralar qurol-yarog‘larni nazorat qilish xalqaro tizimidagi o‘zgarishlar fonida bo‘lib o‘tmoqda. 2026-yil fevral oyida AQSH va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy qurollar bo‘yicha so‘nggi shartnomaning amal qilish muddati tugagan edi, shu bilan birga, Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy o‘z yadroviy arsenalini kengaytirishda davom etmoqda.
Shu bilan birga, Vashington uchrashuv yakunlari bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilishini kutmayapti. Amerika ma’muriyatidagi yuqori martavali manba uni oliy darajadagi muloqotning boshlanishi deb atadi.
“Biz biror-bir kelishuvga erishilishini kutmayapmiz. Men bu uchrashuvni dastlabki qadam, ushbu mamlakatlar yetakchilari darajasidagi ilk suhbat sifatida tavsiflagan bo‘lardim”, — deya qayd etdi u.
Yana bir mavzu Eron atrofidagi vaziyat bo‘ladi. Ayni paytda Rossiya-Ukraina mojarosini uch tomonlama muzokaralar kun tartibiga kiritish rejalashtirilmagan. Vashingtonda Ukraina masalasi Moskva bilan alohida aloqalar doirasida muhokama qilinishi, unda Pekin ishtirok etmasligi tushuntirildi.
Uch tomonlama muzokaralardan tashqari, AQSH Prezidenti Xitoy Raisi bilan alohida uchrashuv va ishchi tushlik o‘tkazadi. Tomonlar ilgari erishilgan savdo kelishuvlarining bajarilishi va noyob yer metallarini yetkazib berishni muhokama qilishni rejalashtirmoqdalar.
Shuningdek, Donald Tramp va Vladimir Putinning alohida ikki tomonlama uchrashuvi ham kutilmoqda. Buning tayyorgarligi haqida avvalroq Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov xabar bergan edi.
Oq uy bayonoti e’lon qilingan paytda Moskva va Pekin o‘z yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etishini rasman tasdiqlamagan edi. Shunga qaramay, Shenchjendagi bo‘lajak uchrashuv AQSH, Rossiya va Xitoy yetakchilarining oliy darajadagi uch tomonlama muloqotiga aylanishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi