Hindiston jurnali O‘zbekistondagi Navro‘z bayrami haqida turkum maqolalar chop etdi
Mart 21, 2026. 10:00 • 3 daq
• 132
DEHLI, 21-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Business Central Asia” nashri O‘zbekistonda Navro‘z bayramini nishonlanishiga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bahorgi tengkunlik arafasida jurnal keng qamrovli tahliliy maqola chop etdi. Unda bayram mazmun-mohiyati nafaqat bahorgi taqvim bo‘yicha nishonlanadigan marosim, balki Mirzo Ulug‘bekning astronomik kashfiyotlaridan tortib, Alisher Navoiy asarlarigacha bo‘lgan davrlarni qamrab olgan, asrlar osha yashab kelayotgan madaniy-ma’naviy merosning eng muhim jihati sifatida taqdim etilgan.
Mualliflar Navro‘zning O‘zbekiston hududidagi o‘ziga xos tarixiy yo‘liga nazar tashlagan. Koinot tartiboti ramzi sifatida vujudga kelgan ushbu bayram Temuriylar davrida alohida ulug‘vorlik kasb etgani ta’kidlangan.
Amir Temur uchun Navro‘z samoviy tartibni o‘z saltanatidagi hokimiyat bilan bog‘lagan madaniy qadriyatga aylangan, deb qayd etiladi nashrda.
Maqolada Mirzo Ulug‘bekning Navro‘z an’analari ahamiyatini yana-da mustahkamlashga qo‘shgan hissasiga alohida urg‘u berilgan. Buyuk davlat arbobi va alloma Samarqand rasadxonasidagi tadqiqotlari bilan bayramning chuqur astronomik mazmun-mohiyatini ochib berdi va ko‘pasrlik an’anani ilmiy hisob-kitoblar bilan isbotladi, deb fikr bildirgan muallif.
“Navro‘z bir vaqtning o‘zida ham madaniy tantana, ham Markaziy Osiyoning astronomiya va matematika sohasidagi chuqur bilimlari ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda”, deb ta’kidlanadi nashrda.
“Business Central Asia”ning yozishicha, tarixning turli davrlaridagi mafkuraviy taqiqlarga qaramasdan, Navro‘z o‘zbek xalqining ushbu qadimiy an’anaga sadoqati tufayli saqlanib qoldi va mustaqillik yillarida davlatchilik yangilanishining rasmiy ramziga aylanib, yana ijtimoiy hayotga qaytdi.
Ikkinchi maqola Navro‘z mavzusining o‘zbek adabiyoti namunalarida ifodalanishiga bag‘ishlangan. Nashr she’riy an’analarda mazkur bayram nafaqat taqvimdagi sana, balki yorqin ramziy timsolga aylanganini urg‘ulagan.
Maqola markazida buyuk Alisher Navoiy ijodiga e’tibor qaratilgan. Muallif shoir g‘azallarini tahlil qilib, ushbu asarlarda Navro‘z obrazidan qanday mahorat bilan foydalanilganini ko‘rsatib bergan.
Nashrda, shuningdek, Andijon bog‘lari va Samarqandning bahor havosini mehr bilan tasvirlagan Zahiriddin Muhammad Boburning xotiralari, shuningdek, zamonaviy yozuvchi va shoirlar ijodiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Navro‘z qadimiy ildizlar, Temuriylar Renessansi va O‘zbekistonning zamonaviy o‘zligini bog‘lovchi ko‘prik sifatida ifodalangan.
“Business Central Asia”dagi materiallarda Navro‘z nafaqat etnografik an’ana, balki o‘zbek xalqining hayotbaxsh falsafa sifatida taqdim etilgani bilan ham e’tiborlidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi