Qirg‘izistonda “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali bo‘lib o‘tdi

May 23, 2026. 13:30 • 2 daq

18
Qirg‘izistonda “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali bo‘lib o‘tdi
Qirg‘izistonda “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali bo‘lib o‘tdi
Qirg‘izistonda “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali bo‘lib o‘tdi
Qirg‘izistonda “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali bo‘lib o‘tdi

O‘SH, 23 may. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qora-Suv tumanida “Salom O‘sh–2026” VII Xalqaro sayyohlik festivali tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.

Ushbu nufuzli tadbirda Xitoy, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan soha vakillari hamda yirik turoperatorlar ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida Qirg‘iziston rasmiylaridan Prezidentning O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili Amankan Kenjebayev, O‘sh shahri meri Janar Akayev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Erdenet Kasimov, Savdo-sanoat palatasi raisi Temir Sariyev va boshqa rasmiy doiralar, diplomatik korpus va OAV vakillari qatnashdi.

Festivalda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Farg‘ona viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidjon Axmedov, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Maxamadjon Nishonov, Namangan viloyati hokimligi mas’ullari, mahalliy OAV va yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya faol ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘sh shahri meri Janar Akayev o‘z nutqida joriy yilning may oyida O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga borganini mamnuniyat bilan eslab, u yerda turistlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar qo‘shni mamlakatlar uchun haqiqiy namuna ekanligiga e’tibor qaratdi.

Tadbirda ishtirok etgan mamlakatimiz bosh konsuli Zafarbek Axmedov o‘z chiqishida o‘tgan 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh aynan qardosh Qirg‘izistondan (3,3 million nafar) tashrif buyurganini alohida qayd etib, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobarga oshirish uchun ikki tomonlama ulkan imkoniyatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.

Festivalning amaliy natijasi sifatida, O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Dilrabo travel”, “Savanna turizm”, “Vodiy sayyoh” kabi turistik kompaniyalar Qirg‘izistonning “Osh destination”, “Osh trips”, “Munduz tourist” turizm tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha 5 ta muhim memorandum imzolandi.

Ikki kunlik tadbir davomida turistik ko‘rgazmalar, milliy taomlar festivali, xalq amaliy san’ati yarmarkalari va konsert dasturlari tashkil etilidi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish