Logo

Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi

Dekabr 20, 2025. 13:02 • 3 daq

100
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi
Islomobod shahrida “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ochildi

ISLOMOBOD, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Pokiston Milliy sanʼat galereyasida bir guruh pokistonlik fotomuxbirlarning shu yil 2-7-avgust kunlari yurtimizga amalga oshirgan press-turi yakunlariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasining ochilish marosimi va maxsus fotoalbomning taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Pokiston axborot va radioeshittirish vaziri Ataulla Tarar hamda milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi asosiy mehmon sifatida qatnashishdi. Shuningdek, mamlakatimizning Pokistondagi turizm brendi elchisi Hamid Mahmud, ziyorat turizmi elchisi shayx Muhammad Hassan Hasib ur-Rehman, Pokiston turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab ur-Rehman Rana, vazirlik va idoralar rahbarlari, parlament palatalari aʼzolari, Islomobodda akkreditatsiyadan o‘tgan 10 dan ortiq xorijiy elchilar, diplomatik korpus vakillari, turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ishbilarmon doiralar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ikki mamlakat madhiyalari ijrosi bilan boshlangan tadbir O‘zbekiston elchisining nutqi bilan rasman ochib berildi. Elchi o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, maʼnaviy va madaniy rishtalar, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim va ulamolar, ularning davlatlarimiz madaniy-maʼnaviy hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi. “Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan pokistonlik fotomuxbirlar ijodiga mansub suratlarda Samarqand, Buxoro, Toshkent, Andijon, Farg‘ona kabi shaharlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, Islom olamining ilmiy va maʼnaviy markazlari sifatidagi o‘rni, maʼnaviy merosi va zamonaviy taraqqiyoti yuksak mahorat bilan ochib berilgan”, – dedi diplomatik missiya rahbari.

Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar o‘z so‘zi avvalida so‘nggi yillarda Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida shakllangan yaqin hamkorlik aloqalariga to‘xtaldi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekiston va Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, ishonch, o‘zaro hamkorlik va hurmatga asoslanishini taʼkidladi.

Uning aytishicha, bunday yaqin munosabatlar o‘z navbatida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Pokiston va O‘zbekiston juda mustahkam rishtalar, xususan, din, madaniyat, umumiy tarix va mushtarak kelajak bog‘lab turadi. Taʼkidlaganimdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar chuqur ildizlarga ega va ushbu ko‘rgazma munosabatlarimizning go‘zal ifodasi bo‘ldi. Lahor qalʼasi va Buxoro Arkini olaylik – ikkalasi ham meʼmorchilik sanʼatining yuksak namunalari, deyish mumkin. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlarni, nafaqat Islomobodda, balki Pokistonning boshqa hududlarida ham ko‘rsatishimiz kerak. Chunki, hamma ham bu yerga kelib ushbu suratlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega emas», – dedi Ataulla Tarar.

Shu bois u mazkur ko‘rgazmani “Pokiston TV» va ommabop ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berganini bildirdi.

Shuningdek, vazir Ataulla Tarar bu kabi tashabbuslar o‘z navbatida, xalqlarimizning o‘zaro xabardorligini oshirib, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirishga xizmat qilishini taʼkidladi. “Shunday ekan, axborot vazirligi sifatida biz bunday tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ayni paytda, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz singari biz ham o‘zbekistonlik fotomuxbirlarning Pokistonga press-turini tashkil etishimiz kerak. Ularning ijodiy ishlarini navbati bilan O‘zbekiston va Pokistonda ko‘rgazmalar tashkil etsak, ishonchim komilki, bu mamlakatlarimiz o‘rtasida ajoyib anʼanaga aylanadi va xalqlarimizning yaqinlashuviga, bordi-keldilarning ko‘payishiga xizmat qiladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish masalalari esa faqatgina texnik ahamiyat kasb etib, yechimi mavjud masalalardir xolos ”, – dedi Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri.

Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mustahkam madaniy-maʼrifiy aloqalarga to‘xtaldi. “Bizni o‘zaro tarixiy va madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Milliy liboslarimiz, arxitektura namunalari va qadriyatlarimizga nazar tashlasangiz, bu kabi o‘xshashliklarni ko‘plab guvohi bo‘lasiz. Pokistonlik professional fotosuratchilarning bugungi fotoko‘rgazmada taqdim etilayotgan suratlari ham fikrimni tasdiqlaydi. Mazkur fotoko‘rgazma nafaqat bizning umumiy tarixiy va madaniy merosimizni namoyon etmoqda, balki kelgusi avlodlar uchun ham ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi u.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga fotoalbomlar elchixona tomonidan yil davomida chop etilgan, jurnallar, broshyura va boshqa targ‘ibot materiallari tarqatildi hamda o‘zbek milliy taomlari ulashildi.

“O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish