Malayziya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ziyorat turizmiga ixtisoslashgan gid-tarjimonlarni tayyorlash yangi bosqichga chiqmoqda
Mart 16, 2026. 11:41 • 2 daq
• 74
KUALA-LUMPUR, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning turizm markazlari bo‘lgan Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida malay va indonez tillari bo‘yicha ziyorat turizmiga ixtisoslashgan
gid-tarjimonlarni tayyorlash boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu loyiha Turizm qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad oxirgi yillarda Malayziya va Indoneziyadan yurtimizga tashrif buyurayotgan ziyoratchi sayyohlar sonining oshib borayotgani munosabati bilan ularga “Umra plyus” dasturi bo‘yicha sayohatni yuqori saviyada va tajribali malay va indonez tillarini biladigan gid-tarjimonlar yordamida tashkil etish hisoblanadi.
Bugunga qadar Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Janubiy Osiyo tillari va adabiyoti oliy maktabida malay va indonez tillari bo‘yicha mutaxassislar doimiy ravishda tayyorlanib kelinmoqda.
Endilikda loyiha ko‘lami kengayib, turizm-mehmondo‘stlik va tarjimonlik yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Buxoro davlat universiteti va Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida malay va indonez tillari bo‘yicha 6 oylik intensiv gid-tarjimonlar tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Ushbu kurslarga Malayziya milliy universiteti va Sulton Idris pedagogika universitetining malakali o‘qituvchilari jalb qilindi. Va birgina joriy yilning o‘zida 50 dan ziyod malay va indonez tillarini biladigan mutaxassis tayyorlash imkoniyati yaratildi.
Kelgusida ushbu tajribani respublikamizning boshqa hududlarida, xususan Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham joriy qilish va unga doimiy tus berish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi