Belarusdan O‘zbekistonga yangi yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Iyul 31, 2026. 10:30 • 2 daq
• 68MINSK, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Belarusning Orsha shahrida “Slavyanskiy karavan” nomli ilk yuk poyezdini Orsha–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda “Belarus temir yo‘llari” davlat birlashmasi direktori Valeriy Verenich, Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik, Orsha shahri ijroiya qo‘mitasi raisi Leonid Moyjik, O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Yangi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanuvchi ilk poyezd tarkibi 71 vagondan iborat bo‘lib, unda jami 3 ming 840 tonnadan ortiq yog‘och mahsulotlari, shakar, sut va yog‘ mahsulotlari, chorva uchun ozuqa, kimyo sanoati mahsulotlari hamda boshqa turdagi yuklar O‘zbekistonga jo‘natildi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar “Slavyanskiy karavan” loyihasi nafaqat yangi transport yo‘lagini shakllantirishi, balki O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da faollashtirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda ikki davlat rahbarlari belgilab bergan strategik vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnikning qayd etishicha, mazkur temir yo‘l yo‘lagi logistika xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi. Xususan, 20 tonnali konteynerni tashish qiymati avtotransportga nisbatan qariyb 1,5 barobar arzonlashadi, yuklarni yetkazib berish muddati esa 5–7 kunni tashkil etadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish orqali O‘zbekistondan Belarus bozorida talab yuqori bo‘lgan yengil sanoat, oziq-ovqat hamda meva-sabzavot mahsulotlarini muntazam yetkazib berish imkoniyati ham yaratiladi.
O‘zbekiston Transport vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda ushbu poyezd harakati oyiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, birinchi yuk poyezdining qatnovi O‘zbekiston Prezidentining 8–9 iyul kunlari Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Transport vazirligi saytidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


