O‘zbekistonning yangi bosh konsuli Vladivostokda Rossiya TIV vakili bilan ilk uchrashuvini o‘tkazdi

Iyul 11, 2026. 10:30 • 2 daq

95
O‘zbekistonning yangi bosh konsuli Vladivostokda Rossiya TIV vakili bilan ilk uchrashuvini o‘tkazdi

VLADIVOSTOK, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Xojiakbar Vaxabov Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yevgeniy Volosastov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi hududida doimiy va vaqtinchalik istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik-huquqiy xizmatlar ko‘rsatish hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar vatandoshlarimizning ish faoliyatida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkor hal etish, ichki ishlar, migratsiya, tergov va chegara qo‘shinlari idoralari vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazish hamda bu borada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakolatxonasi tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Rossiyaning Uzoq Sharq hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmini kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish