Madriddan munosabat: O‘zbekiston­–Belarus o‘rtasidagi kelishuvlar iqtisodiyotni yana-da yuksaltirish va aholi farovonligiga xizmat qiladi

Iyul 11, 2026. 11:30 • 2 daq

73
Madriddan munosabat: O‘zbekiston­–Belarus o‘rtasidagi kelishuvlar iqtisodiyotni yana-da yuksaltirish va aholi farovonligiga xizmat qiladi

MADRID, 11-iyul /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi yakunlari bilan tanishib chiqdim. O‘ylashimcha, erishilgan kelishuvlar haqiqatan ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston–Belarus munosabatlari rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.

Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganini alohida taʼkidlamoqchiman. Nazarimda, bu shunchaki siyosiy hujjat emas, balki o‘zaro ishonch, hurmat va umumiy taraqqiyotga intilishga asoslangan uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam poydevoridir.

Amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlarining ko‘lami katta taassurot qoldirdi. Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, Madaniyat kunlari va ekspertlar hamjamiyati uchrashuvlarining o‘tkazilishi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga nisbatan tizimli va puxta o‘ylangan yondashuv mavjudligidan dalolat beradi.

Iqtisodiyot masalalariga qaratilgan eʼtibor alohida tahsinga loyiq. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar har ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga zamin yaratadi.

Tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish va tegishli infratuzilmani barpo etish borasida Belarus tajribasini o‘rganish hamda qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni uzoqni ko‘zlagan qaror deb bilaman. Bunday yondashuv ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va istiqbolda mamlakatning energetika sohasini rivojlantirishga bo‘lgan intilishni aks ettiradi.

Gumanitar hamkorlikni mustahkamlashni ham ahamiyatli deb hisoblayman. Madaniyat, taʼlim, fan, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, turizm va yoshlar almashinuvi sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hamkorlikning deyarli barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama bitim va memorandumlardan iborat katta hujjatlar to‘plamining imzolangani alohida eʼtiborga molik. Bu tomonlarning niyatlari jiddiyligini va strategik sheriklikni aniq amaliy natijalar bilan boyitishga tayyor ekanini ifodalaydi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlayman. Ishonchim komilki, erishilgan kelishuvlar keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotni yana-da yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish