Kuala-Lumpurda Farg‘ona viloyatining ko‘rgazma-savdo uyi ochildi
Fevral 07, 2026. 13:40 • 57 soniya
• 7KUALA-LUMPUR, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Malayziyaga amaliy tashrifi doirasida Kuala-Lumpur shahrida viloyatning doimiy ko‘rgazma-savdo uyi (shourum) o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida hamda ushbu mamlakatning yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri – “KK Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Savdo uyi Kuala-Lumpurning markaziy ishbilarmonlik hududlaridan birida joylashgan bo‘lib, mahalliy aholi va tadbirkorlar uchun qulay lokatsiya hisoblanadi. Ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev, “KK Group” raisi Ki Kan Chay hamda Farg‘ona viloyati maʼmuriyati vakillari ishtirok etdilar.
Shourum rastalaridan Farg‘ona viloyati korxonalarida ishlab chiqarilgan ip-kalava, tayyor tikuvchilik buyumlari, quruq mevalar, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hamda hunarmandchilik namunalari o‘rin oldi. Malayziyalik ishbilarmonlarning fikricha, ushbu markaz o‘zbek mahsulotlarini Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga tizimli yetkazib berish va yangi eksport shartnomalarini imzolashda muhim “biznes-ko‘prik” vazifasini o‘taydi.
Savdo uyining barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida “Agro Best Holding International” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Mazkur tuzilma nafaqat Farg‘ona, balki respublikamizning Malayziya bozoriga chiqish istagida bo‘lgan barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilarini faol hamkorlikka chorlamoqda. Bu qadam o‘zbek brendlarining mintaqaviy miqyosdagi mavqeini mustahkamlashda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



