Qashqadaryoda yetishtirilgan mahsulotlar nemis bozorlariga jo‘natiladi
Mart 06, 2026. 15:37 • 2 daq
• 44BERLIN, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Berlin shahrida Qashqadaryoning investitsiya va eksport salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari Zafar Karayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda Germaniyaning 30 dan ortiq nufuzli kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti hamda taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida ma’lumot berdi. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning strategik bosqichga chiqqani hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik uchun keng imkoniyat ochayotgani ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi rahbari vohaning boy xomashyo bazasi, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda eksport salohiyati xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Germaniyalik ishbilarmonlarga sanoat, logistika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida aniq loyihaviy takliflar taqdim etildi.
Forumda “BigRep GmbH”, “BCE GmbH”, “Serica Ventures GmbH”, “IHK Cottbus” kabi yirik tuzilmalar vakillari ishtirok etib, B2B va B2G formatida muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot jarayonida Qashqadaryoda yetishtirilgan mahsulotlarni Germaniya bozoriga yetkazish, eksport yo‘nalishida qulayliklar yaratish hamda savdo aloqalarini muntazam yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Biznes-forum doirasida Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan 40 turdan ortiq sanoat mahsulotlari Berlinda yangi ochilgan O‘zbekiston savdo uyida namoyish etildi. Bu sa’y-harakatlar vohada yetishtirilgan mahsulotlarni Yevropa bozorlarida tanitish hamda Germaniyaning ilg‘or texnologiyalarini viloyat iqtisodiyotiga jalb qilishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




