Logo

Moskvada Namanganda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish qilinmoqda

Fevral 23, 2026. 19:30 • 2 daq

201
Moskvada Namanganda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish qilinmoqda
Moskvada Namanganda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish qilinmoqda
Moskvada Namanganda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish qilinmoqda

MOSKVA, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida Namangan viloyatining ishlab chiqarish va hunarmandchilik salohiyatini namoyish etuvchi showroom (ko‘rgazma zali) ochildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2026 yil yanvar oyidan boshlab ushbu ko‘rgazma zalida viloyatning eksport, investitsiya va turizm salohiyati keng namoyish etilmoqda. Ushbu showroom ekspozitsiyasi Namangan viloyatining eksport va xalqaro kooperatsiyaga yo‘naltirilgan yetakchi korxonalari mahsulotlari asosida shakllantirilgan.

Xususan, “Mustang Textile”, “Fazman Textile”, “Samo Textile”, “Ideal” kabi yetakchi korxonalarda tayyorlangan mahsulotlari namoyish etilmoqda. Taqdim etilayotgan zamonaviy erkaklar klassik kostyumlari yuqori sifat va xalqaro standartlarga muvofiqligi bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.

“Art Soft Holding” va “NT Holding” korxonalari mehmonxona va korporativ sektor uchun to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. “Chust Textile” va “Stark Cotton” korxonasi esa yengil sanoat va to‘qimachilik xomashyosini qayta ishlash segmentida mintaqaning raqobatbardoshligini ko‘rsatib, trikotaj mahsulotlari yo‘nalishini rivojlantirmoqda.

Ko‘rgazma zalining alohida bo‘limi Namangan viloyatining dekorativ-amaliy sanʼati va xalq hunarmandchiligi mahsulotlariga ajratilgan. Bu yerda mehmonlar O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini aks ettiruvchi anʼanaviy supalar, kulolchilik, badiiy yog‘och o‘ymakorligi va boshqa qo‘l mehnati buyumlarini ko‘rishi mumkin.

Ko‘rgazma zalining faoliyat yuritishi Namanganda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chet elda keng targ‘ib etish hamda yangi xorijiy mijozlar topishda muhim ahamiyat kasb etayapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish, barqaror kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga yordam bermoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish