Qoraqalpog‘istonlik shifokorlar Turkiyaning “Acıbadem” universitetida malaka oshiradi
Avgust 17, 2026. 11:00 • 2 daq
• 95ISTANBUL, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Acıbadem Mehmet Ali Aydınlar” universiteti rahbariyati hamda Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi milliy bolalar tibbiyot markazi klinikasi direktori Feruz Xomidov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda vakillarimiz universitetning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan simulyatsiya (imitatsiya) markazlari, innovatsion tibbiy uskunalari hamda ilmiy faoliyatga joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar bilan tanishdi.
Turkiyalik mutaxassislar talabalarni amaliy tayyorlash, klinik ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ilmiy izlanishlarni tashkil etish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasini imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur memorandum doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hamshiralari va boshqa tibbiyot xodimlarining Turkiyaning yetakchi tibbiy taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan “Acıbadem” universiteti klinikalarida qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish, klinik stajirovka hamda amaliy tajriba o‘tashini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, muloqot chog‘ida zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro anjumanlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha ham kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



