Logo

Misr bilan farmatsevtika sohasi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

Fevral 07, 2026. 12:30 • 2 daq

2
Misr bilan farmatsevtika sohasi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Misr bilan farmatsevtika sohasi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

QOHIRA, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Misrning “Drug Pharma” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2016-yilda tashkil etilgan “Drug Pharma” xususiy farmatsevtika kompaniyasi yuqori sifatli nutritsevtiklar, vitamin-mineral komplekslar hamda pediatriya, ginekologiya, ortopediya va umumiy terapiya yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan dori mahsulotlarini ishlab chiqarish va bozorga chiqarishga ixtisoslashgan.

Kompaniya ichki bozorda barqaror o‘rin egallab, mahsulotlarini dorixona tarmoqlari va tibbiy muassasalar orqali tarqatib kelmoqda. Bugungi kunda kompaniyasi qator Afrika va Yaqin Sharq davlatlari bozorlarida faol ish olib bormoqda.

Onlayn muzokaralarda Misr kompaniyasi rahbari Ahmad Assi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rayotganini taʼkidlab, tayyor mahsulotlar eksporti, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda ilg‘or texnologiyalar transferi bo‘yicha amaliy hamkorlikni boshlashga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida “Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan soliq va bojxona imtiyozlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan institutsional qo‘llab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, zamonaviy farmatsevtik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, GMP talablariga muvofiq korxonalarni yo‘lga qo‘yish va sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, “Drug Pharma” kompaniyasi O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatini amaliy jihatdan ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan kompaniya delegatsiyasining yaqin vaqt ichida Toshkentga tashrifini amalga oshirish hamda investitsiya loyihalarini joyida o‘rganish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish