Logo

Misr bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik kengaytiriladi

Fevral 03, 2026. 11:13 • 2 daq

62
Misr bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik kengaytiriladi
Misr bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik kengaytiriladi

QOHIRA, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misr qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Alaa Faruq va uning o‘rinbosarlari Odil Abduazim va Saad Musa bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat jarayonida qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalasida fikr-mulohaza almashildi.

Vazir Alaa Faruq O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilganini taʼkidlab, Qashqadaryo viloyatida ilk bor Misr tajribasi asosida 100 tonnadan ziyod “Super-elita” navli kartoshka urug‘ligi hosili olinganidan mamnunligini bildirdi.

Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotgani qo‘llab-quvvatlandi. Misrlik mutaxassislar “Dalteks” korporatsiyasi tomonidan Xorazm viloyatida sahro hududlarni o‘zlashtirish loyihasi boshlanganidan xabardorligini bildirdi.

Shuningdek, o‘zaro munosabatlarning keyingi bosqichi sifatida:

- misrlik mutaxassislar yordamida yurtimizda qulupnay, yeryong‘oq va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va xorijga eksport qilish;

- yurtimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarining Misrga amaliy safarlarini uyushtirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida mahalliy tajriba bilan tanishtirish;

- vakillarimizning Misrdagi Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazi, Paxtachilik ilmiy instituti, Cho‘llanishga qarshi kurashish markazida malaka oshirishlarini tashkil qilish;

- o‘zaro delegatsiyalar, tajriba va axborot almashuvini yanada faollashtirish;

- Misrning istiqbolli Afrika bozorlariga kirishdagi imtiyozlarini inobatga olib, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish;

- misrlik mutaxassislar yordamida respublikamizdagi cho‘l hududlarni o‘zlashtirish, yer osti suvlaridan foydalangan holda zamonaviy tejamkor yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish;

- yangi o‘zlashtirilgan maydonlarda turli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga ko‘maklashish, ularning mintaqamiz va xorij davlatlariga eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida yurtimizda Misr bilan qishloq xo‘jaligi borasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tadbirlar, jumladan, sara kartoshka urug‘i tayyorlash loyihasi sezilarli kengaygan taqdirda hamkorlikda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga faol eksport qilish imkoniyatlari yuzaga kelishi taʼkidlandi.

Vazir bilan ikki tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida Misrdagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi davlat kompaniyalari va yirik tadbirkorlardan iborat nufuzli delegatsiyaning yurtimizga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish