Logo

O‘zbekistonlik yosh pazandalar Hindistondagi xalqaro tanlovda ishtirok etmoqda

Fevral 04, 2026. 08:10 • 2 daq

210
O‘zbekistonlik yosh pazandalar Hindistondagi xalqaro tanlovda ishtirok etmoqda

DEHLI, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. Hindistonda bo‘lib o‘tayotgan 12-Xalqaro yosh oshpazlar olimpiadasida (12th International Young Chef Olympiad - YCO) O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mehmonxona boshqaruvi xalqaro instituti va Xalqaro mehmondorchilik kengashi hamkorligida tashkil etilgan ushbu pazandachilik forumida dunyoning 40 ta davlatidan 25 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli oshpazlar jam bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalqaro yosh oshpazlar olimpiadasining doimiy va muvaffaqiyatli ishtirokchisi hisoblanadi. Mamlakatimiz pazandalarining chiqishlari anʼanaviy tarzda olimpiada hakamlar hayʼati va mehmonlarining eʼtiborini o‘ziga jalb qilib, o‘zbek milliy taomlarining naqadar boy va nafis ekanini butun dunyoga namoyish etib kelmoqda.

2025-yilda O‘zbekiston vakillari dunyoning eng yaxshi 10 ta jamoasi (TOP-10) qatoridan ishonchli o‘rin egallab, milliy pazandachilik maktabining yuqori darajasini yana bir bor tasdiqlagan edi.

Joriy yil 12-Olimpiadada mamlakatimiz sharafini O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi qoshidagi Xalqaro o‘zbek pazandachilik sanʼati markazi vakili Ozodbek Odilov himoya qilmoqda. Tajribali oshpaz Ahmad Hamdamov uning ustozi sifatida qatnashmoqda.

YCO - bu yosh isteʼdodlar uchun yirik taʼlim va pazandachilik voqeligidir. Forum dasturi ishtirokchilar hakamlar topshirig‘i asosida taom tayyorlaydigan qizg‘in bellashuvlardan tashqari jahon pazandachilik afsonalarining mahorat darslari, madaniy almashinuv tadbirlari va professional aloqalar o‘rnatish imkoniyatlarini ham qamrab olgan.

Bu kabi tadbirlarda ishtirok etish yosh mutaxassislar uchun ulkan ahamiyatga ega.

Avvalambor, YCO O‘zbekistonning iqtidorli yosh oshpazlari uchun jahon maydoniga chiqishda qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi. Tanlov ishtirokchilari kuchli raqobat sharoitida o‘z mahoratlarini sinab ko‘rish va jahon gastronomiyasining ilg‘or yo‘nalishlarini o‘zlashtirish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, pazandachilik sanʼati orqali yosh oshpazlar xalqaro hamjamiyatni milliy anʼanalarimiz va mehmondorchiligimiz bilan tanishtirib, o‘zbek madaniyatining o‘ziga xos elchilariga aylanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish