Toshkentda qurilish materiallari savdosi uchun zamonaviy majmua barpo etildi
Aprel 23, 2026. 20:32 • 3 daq
• 132
TOSHKENT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, soʻnggi yillarda yurtimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib, tarmoqda ishlab chiqarish bilan birga savdo va servis infratuzilmasini zamonaviy asosda tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mazkur majmua ana shunday yondashuvning amaliy ifodasi boʻldi. Tashabbuskor investor tomonidan loyihaga 25 million dollar sarmoya yoʻnaltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan boʻlib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming oʻrinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Uch qavatli majmuada savdo doʻkonlari bilan birga keng yoʻlaklar, ochiq va qulay jamoat maydonlari, xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bu yerda qurilish materiallari savdosini tarqoq va tirband shakldan chiqarib, tartibli, shaffof va xaridorbop tizim asosida yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, 2 ming nafar aholi ish bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbariga majmua faoliyati va imkoniyatlari haqida axborot berildi. Prezidentimiz qurilish mahsulotlari doʻkonlarini koʻzdan kechirdi.
Bu yerda 500 ta doʻkondagi qurilish va taʼmirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali shaffof koʻrinib turadi. Bu esa ham tadbirkorlar, ham xaridorlar uchun vaqt, mablagʻ va tanlov imkoniyati nuqtayi nazaridan katta qulaylik yaratadi.
Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi.
Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.
Prezidentimiz ushbu majmua shunchaki savdo nuqtalari jamlanmasi emas, balki qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Toshkentning tarixiy o‘n ikkita darvozasi bo‘lganini eslatib, bugun poytaxt atrofida ham shunday, turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan zamonaviy savdo markazlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
– Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga ko‘proq o‘rin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi