Logo

Toshkentda O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

Aprel 20, 2026. 19:50 • 2 daq

51
Toshkentda O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston va XXR tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lyu Bin boshchilik qildi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, ikki tomonlama hamkorlikning barqaror ijobiy surʼatini qayd etdilar. Oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yuqori texnologiyalar, “yashil” energetika va raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar gumanitar hamkorlik masalalarini ham ko‘rib chiqdilar, jumladan akademik almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlari va madaniy tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalari muhokama etildi. BMT, SHHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati hamda boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish qayd etildi.

Maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishda o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish