Pokistonda xudkush-terrorchining poyezdni portlatishi oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi
May 25, 2026. 12:15 • 2 daq
• 122
KVETTA, 25-may /“Dunyo” AA/. Pokistonning janubi-g‘arbidagi Balujiston viloyatida yo‘lovchi poyezdida bomba portlatilishi oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi, 70 nafarga yaqin kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda viloyat hukumati va xavfsizlik xizmatlarining uch nafar vakili “Reuters” agentligiga shaxsi sir qolishi sharti bilan maʼlum qildi.
Ularning maʼlumotlariga ko‘ra, poyezdda Pokiston xavfsizlik kuchlari xodimlari va ularning oila aʼzolari bo‘lgan. Voqea viloyat poytaxti Kvettada, tarkib uzoq masofali poyezdga o‘tish uchun yig‘ilish punktidan jo‘nab ketayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Portlash temir yo‘l izlari yaqinida yuz bergan. Portlash oqibatida uchta vagon relsdan chiqib ketgan, yana ikkita vagon ag‘darilgan. Xavfsizlik kuchlari hududni o‘rab oldi, qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Xavfsizlik xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobil turar joy dahasida poyezd qismlaridan biriga kelib urilgan. Qurbonlarning ayrimlari yaqin atrofdagi uylarda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Hujum uchun masʼuliyatni “Balujiston ozodlik armiyasi” (BOA) separatistik qurolli guruhi o‘z zimmasiga olib, bu xudkush-terrorchi tomonidan amalga oshirilgan terakt ekanini maʼlum qildi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif voqeani “dahshatli bomba portlashi” deb atab, qoraladi va halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi. U butun mamlakat Balujiston xalqini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.
Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh Balujiston mintaqasi beqaror hudud bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda bu yerda xavfsizlik kuchlari, infratuzilma va transportga hujumlar ko‘paygan. Rasmiylar jangarilarga qarshi amaliyotlar o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil mart oyida BOA jangarilari poyezdni egallab, yuzlab odamlarni garovga olgan edi. O‘shanda harbiy amaliyot 21 nafar garovdagi shaxs, to‘rt nafar harbiy xizmatchi va barcha 33 nafar hujumchining o‘limi bilan yakunlangan.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Indoneziyada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ish boshladi



