Olmaotadagi Bosh konsulxona tashabbusi bilan O‘zbekiston taʼlim muassasalariga zamonaviy jihozlar topshirildi
Iyul 19, 2026. 11:20 • 2 daq
• 178
OLMAOTA, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan yurtimizdagi taʼlim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan xayrli tashabbus amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Toshkent tumanidagi 2- va 3-sonli hamda Bo‘ka tumanidagi 2-sonli pedagogika texnikumlari rahbarlarining murojaatlari asosida ushbu taʼlim maskanlari zamonaviy o‘quv-texnika vositalari bilan taʼminlandi.
Gumanitar ko‘mak doirasida har bir texnikumga 65 dyuymli LED ekran, zamonaviy kompyuter jamlanmasi, rangli va ko‘p funksiyali printerlar topshirildi.
Mazkur loyiha Bosh konsulxona tashabbusi bilan Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan vatandosh tadbirkorlarning xayriya mablag‘lari evaziga amalga oshirildi. Diplomatik vakolatxona xorijdagi vatandoshlarning intellektual va moliyaviy salohiyatini yurtimiz rivojiga yo‘naltirish borasidagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirmoqda.
Yangi texnik jihozlar texnikumlarda taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, dars mashg‘ulotlari sifatini oshirish hamda pedagoglar va o‘quvchilar uchun zamonaviy taʼlim muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Bosh konsulxona taʼlim sohasini qo‘llab-quvvatlashni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan bo‘lib, kelgusida ham xorijdagi faol vatandoshlar va tadbirkorlar bilan hamkorlikda bu kabi loyihalarni izchil davom ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi