Pokistonda O‘zbekiston haqida to‘rtta nufuzli jurnalning maxsus sonlari chop etildi
Fevral 05, 2026. 12:40 • 2 daq
• 30ISLOMOBOD, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga arafasida Pokiston ommaviy axborot vositalari muntazam ravishda axborot-tahliliy maqolalar eʼlon qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shuningdek, Pokiston keng jamoatchiligini yurtimizda kechayotgan islohotlar bilan tanishtirish maqsadida Pokistonning nufuzli nashrlarining maxsus sonlari tayyorlandi. Xususan, “The Diplomatic Insight – TDI”, “Diplomatic Focus”, “Centreline” va “Peace International” jurnallarining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonlari chop etildi.
“Peace International” jurnali xalqaro munosabatlar hamda xalqaro ekspertlarning tahliliy materiallarini keng yoritishga ixtisoslashgan. Ushbu jurnal oyiga bir marotaba ingliz va urdu tillarida chop etiladi.
Jurnalning O‘zbekistonga bag‘ishlangan sonida yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari, O‘zbekiston Prezidentining xalqaro maydonda ilgari surib borayotgan tashabbuslari, yurtimizning boy madaniy-maʼrifiy va tarixiy merosi hamda boshqa mavzularga bag‘ishlangan materiallar o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi arafasida “The Diplomatic Insight” jurnalining maxsus soni bosilib chiqdi.
Jurnal sahifalarida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, turizm va sport sohalaridagi yangilanishlarga bag‘ishlangan turkum materiallar, shuningdek, O‘zbekiston–Pokiston munosabatlariga doir maqolalar o‘rin olgan.
Pokistonning “Diplomatic Focus” jurnalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan sonida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqining to‘liq matni chop etilgan. Shuningdek, Pokistonda chop etilgan, O‘zbekiston Prezidentiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimotlari haqidagi maqolalar ham o‘rin olgan.
Imom Buxoriy va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi materiallar ham o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi. O‘zbekiston yoshlarining sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlarga doir maqola rangli fotosuratlar bilan batafsil yoritilgan. Maxsus sonda, shuningdek, O‘zbekistonning qishki turizm salohiyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola berilgan.
“Centreline” jurnali Pokistonning ijtimoiy-siyosiy, diplomatik va ekspert doiralari vakillari o‘rtasida keng tarqatiladi. Mazkur jurnalning O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni nashr bosh muharririning O‘zbekiston–Pokiston munosabatlariga bag‘ishlangan maqolasi bilan boshlanadi. Unda O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi to‘liq eʼlon qilingan. Shuningdek, jurnalda O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari, O‘zbekistonda mahalla institutini takomillashtirish, turizm mahallalarini tashkil etish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, o‘zbek milliy taomlari va boshqa mavzular qamrab olingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


