O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vazirini “Insoniy birodarlik uchun” Shayx Zoid nomidagi xalqaro mukofot bilan tabrikladi
Fevral 05, 2026. 12:48 • 2 daq
• 23
TOSHKENT, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Kecha Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Unda davlatimiz rahbari mukofotga sazovor bo‘lgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabrikladi.
“Siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yo‘lidagi birgalikdagi saʼy-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosibdir”, – dedi davlatimiz rahbari.
“Erishilgan kelishuv muammo yechimiga masʼuliyatli yondashuvning yorqin namunasi bo‘lib, keng mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Bugungi kunda faqat ahillik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va yaqin do‘stlik orqali xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligini taʼminlash mumkin”, – dedi Prezidentimiz marosim ishtirokchilariga murojaatda.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston har qanday nizo va ziddiyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, xalqaro huquq tamoyillari va yaxshi qo‘shnichilik asosida hal etish tarafdori ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyatining gumanitar tashabbuslarni faol ilgari surish, xalqaro maydonda muloqot madaniyatini izchil yuksaltirish borasidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
