YUNESKOda diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari uchun iftorlik o‘tkazildi
Mart 17, 2026. 11:50 • 2 daq
• 160
PARIJ, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Parij shahridagi YUNESKO shtab-kvartirasida O‘zbekistonning tashkilot huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, Islom hamkorlik tashkiloti hamda Turkiya vakolatxonalari bilan hamkorlikda iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan xayriya tadbirida diplomatik korpus vakillari, YUNESKO kotibiyati xodimlari va xorijlik ekspertlar ishtirok etdi.
YUNESKO bosh direktori Xalid Al-Anani va Bosh konferensiya prezidenti Xondker Talxining iftorlikda qatnashishi tadbirga alohida ahamiyat bag‘ishladi. Bu tashkilot tomonidan turli madaniyat va din vakillari o‘rtasidagi muloqot, bag‘rikenglik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Namoyish etilgan videorolikda ushbu yangi bunyod etilgan markazning mamlakatimizdagi boy islom merosini o‘rganish, saqlash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan yirik ilmiy-maʼrifiy va madaniy platforma sifatidagi roli alohida eʼtirof etildi.
Mamlakatimizning ko‘p asrlik mehmondo‘stlik anʼanalari va boy madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy taomlar iftorlik dasturxoniga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi