Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar o‘rtasida V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari – O‘zbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi
Dekabr 15, 2025. 10:41 • 3 daq
• 87
(2025-yil 15-dekabr, Toshkent sh.)
Qadrli qahramon o‘g‘il-qizlarim!
Hurmatli ustoz-murabbiylar!
Muhtaram ota-onalar!
Avvalo, barchangizni V Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida erishilgan ulkan tarixiy g‘alaba bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qitʼamizning 35 ta davlatidan kelgan 1 ming 500 nafardan ziyod sportchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan g‘oyat keskin bellashuvlarda sizlar jasorat va matonat fazilatlarini namoyon etib, musobaqalarning chinakam qahramonlariga aylandingiz va O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida yana bir yorqin sahifa ochdingiz.
Ushbu nufuzli sport anjumanida sizlarni ko‘p millatli butun xalqimiz qo‘llab-quvvatlab, barchangizga zafar va omadlar tilab turdi.
Ana shunday yuksak ishonchni sharaf bilan oqlab, 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida Osiyo qitʼasida 1-o‘rinni egallab, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilganingiz muborak bo‘lsin!
Turnir davomida O‘zbekiston madhiyasi qariyb 100 marta yangragani sizlarning Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga qanday beqiyos hissa qo‘shganingizdan dalolatdir .
Sizlar ulkan azmu shijoatingiz, bukilmas iroda va intilishingiz bilan Osiyoning milliy sporti jadal rivojlanayotgan Eron, Yaponiya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlari jamoalarini ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldingiz.
O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija, bunday buyuk zafar ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. Hech shubhasiz, sizlar yurtimiz sportida shonli tarix va anʼanalar yaratayotgan yoshlar, mohir mutaxassislar sifatida yuksak tahsin va tasannolarga munosibsiz.
Butun xalqimiz, jonajon Vatanimiz sizlar bilan faxrlanadi. Sizlar O‘zbekiston paralimpiya harakatining oltin avlodi, oltin vakillarisiz.
Bunday qahramon yoshlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Ayniqsa, para pauerliftingchi o‘g‘il-qizlarimiz Bahriddin Xolbo‘tayev, Elbek Farhodov, Oyshajon Rajabboyeva, Ruxshona O‘ktamova o‘z vazn toifalarida jahon rekordini, Nurillo Inobiddinov, Ezoza Abdujabborova, Azizbek Perdebayev, Ruxshona O‘ktamova, Ziyodaxon Boqijonova, Zuhra Yuldasheva, Gulyuz Nematullayeva esa Osiyo rekordini o‘rnatganlarini alohida taʼkidlash lozim.
Yana bir muhim tarixiy natija – sportchi qizlarimiz Madina Muxtorova, Farog‘at Muxammadqulova, Mohichexra Ibragimova para yengil atletikaning yadro va nayza uloqtirish dasturlari doirasidagi murosasiz bahslarda raqiblariga mutlaqo imkoniyat qoldirmasdan butun medallar jamlanmasini O‘zbekistonga olib keldilar.
Bularning barchasi – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, isteʼdod va mahoratingiz, qolaversa, yurtimizda inson qadrini amalda taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Sizlar erishgan ulkan zafar Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday katta marralarni egallashga qodir ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgani bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir. Bu g‘alaba, hech shubhasiz, minglab yoshlarimizga g‘urur va iftixor, intilish va ilhom manbai, katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni mana shunday bahodir, dovyurak va pahlavon farzandlar etib tarbiyalagan, ezgu intilishlaringizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ota-onalaringiz, mohir va jonkuyar murabbiylaringizga, barcha muxlislaringizga chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Aziz sportchi o‘g‘il-qizlarim,
Qadrli murabbiylar!
Xabaringiz bor, yaqinda mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yana-da rivojlantirish bo‘yicha maxsus qaror qabul qildik.
Ishonchim komil, ushbu qaror sizlarning kelgusi faoliyatingiz uchun qo‘shimcha ravishda yangi sharoit va imkoniyatlar yaratish, sport olamidagi yutuqlaringiz salmog‘ini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihati – so‘nggi yillarda Ijtimoiy himoya milliy agentligini tuzib, alohida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.
Shuningdek, ushbu tizimda Matonat maktabi hamda sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha institut tashkil qildik.
Natijada adaptiv sport turlaridagi yo‘nalishlar soni 89 taga yetkazilib, yurtimiz mahallalarida ushbu sport turlari bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni 45 mingdan oshdi.
Yurtimizda inklyuziv jamiyat barpo etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlashga qaratilgan islohotlarimiz albatta izchil davom ettiriladi.
Vatanimizga yuksak mehri va sadoqati, mustahkam iroda va matonati bilan millionlab farzandlarimizga o‘rnak bo‘layotgan sizlardek qahramon o‘g‘il-qizlarimni Yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda ulkan omad va zafarlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi