Pokiston OAV: O‘zbekiston va Turkmanistonning transport sohasidagi hamkorligi bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etmoqda
Dekabr 15, 2025. 09:00 • 2 daq
• 106
ISLOMOBOD, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Islamabad Post” va “Diplomatic News Agency” elektron nashrlarida “Markaziy Osiyo transport integratsiyasi: O‘zbekiston va Turkmanistonning hissasi” sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston va Turkmanistonning transport sohasidagi hamkorligi bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etib, Markaziy Osiyo bog‘liqligining yangi arxitekturasini shakllantiryapti va mintaqaning keng Yevroosiyo makoniga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Ikki davlatning Sharq – G‘arb va Shimol – Janub asosiy tranzit yo‘nalishlari chorrahasida joylashgani, bu logistika, multimodal tashuvlar va raqamli yechimlar sohasidagi qo‘shma loyihalarga yuqori talabni belgilaydi”, – deyiladi maqolalarda.
Pokiston OAV yozganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli mintaqada yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhiti mustahkamlanmoqda, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik va integratsiya chuqurlashmoqda.
“O‘zbekiston rahbari o‘zining yaqinda eʼlon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida taʼkidlaganidek: “Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi deb atash mumkin bo‘lgan jihat vujudga kelmoqda. Yagona mintaqaviy makonga daxldorlik hissi shakllanmoqda, bu yerda qo‘shnichilik muammo emas, balki imkoniyatdir, bu yerda bir kishining muvaffaqiyati umumiy yutuqqa aylanadi”, – deya qayd etilgan manbalarda.
O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi ushbu tendensiyani yaqqol aks ettiradi: infratuzilma loyihalarini sinxronlashtirishni kuchaytirish va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish orqali mamlakatlar yana-da raqobatbardosh va barqaror logistika zanjirlari uchun zamin yaratmoqda.
2025-yilning 9 oyida mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshib, 1,3 million tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, tashishlarning eng katta ulushi (43%) avtomobil transportiga to‘g‘ri keladi, bu esa uni ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqasining asosiy elementlaridan biriga aylantiradi.
Turkmaniston hududi orqali o‘tadigan yo‘nalishlar O‘zbekistonga Kaspiy dengizi, Yaqin Sharq va Eronga chiqish imkonini beradi, bu esa ushbu yo‘nalishni tashqi savdoni diversifikatsiya qilish uchun asosiy yo‘nalishga aylantiradi.
O‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish, jarayonlarni optimallashtirish va raqamli vositalarni joriy etish tufayli avtotransportda tashish hajmi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda.
“2024-yil dekabr oyida Farap avtomobil yo‘llari bojxona postining qayta qurilgan majmuasi foydalanishga topshirilishi mintaqaviy transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Modernizatsiya natijasida obyektning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 1000 ta transport vositasigacha oshdi, bu avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir”, – deya urg‘ulangan materiallarda.
Maqolalar xulosasida “Kelgusida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish mintaqaning Yevroosiyo transport tarmog‘iga transport jihatidan integratsiyalashuvi, yo‘nalishlar raqobatbardoshligini kuchaytirish, yangi logistika muqobillarini yaratish va Markaziy Osiyoni qitʼaning asosiy tranzit markaziga aylantirishda muhim omil bo‘ladi”, – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga oshishi kutilmoqda