O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya bilan taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalarida strategik sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi
Dekabr 20, 2025. 14:10 • 3 daq
• 253
TOSHKENT, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida bugun Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Matsumoto Yoxey, Yaponiya fanni ilgari surish jamiyati prezidenti Sugino Suyosi hamda Yaponiyaning Sukuba, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Nagoya iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Yaponiya “iqtisodiy moʻjizasi”ning asosini tashkil etuvchi taʼlim, fan va inson kapitalini rivojlantirishga investitsiyalar O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligining strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya uzoq yillar davomida fanga sarflanadigan xarajatlar va ilmiy patentlar soni bo‘yicha yetakchilar safida turishini qayd etdi. Mamlakat ko‘plab atoqli olimlarni, xususan, fizika, kimyo va tibbiyot sohalarida Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirib chiqardi.
Yaponiya maktab taʼlimi modeli tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha kuchli tayanch bazasi mavjudligi, dars o‘tishning yuqori sifati, mehnatsevarlik, jamoa bo‘lib ishlash va intizom madaniyati bilan ajralib turadi. Nufuzli yapon diplomlari, ayniqsa, muhandislik, robototexnika, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida butun dunyoda yuksak qadrlanadi. Yaponiyada taʼlim va fan bilan sanoat va biznes o‘rtasida yaqin va mustahkam aloqalar o‘rnatilgani alohida eʼtiborga loyiq.
Bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Yaponiyaning yetakchi taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Birgina JDS stipendiya dasturi bo‘yicha 440 dan ziyod davlat xizmatchilari Yaponiyada o‘qitildi.
Rektorlar forumi o‘zaro aloqalar uchun samarali maydonga aylandi. Oktyabr oyida Samarqandda ikki mamlakatning qariyb 50 ta universiteti rektorlari ishtirok etgan beshinchi forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda taʼlim va fanni rivojlantirishga mamlakatni jadal modernizatsiya qilish, uning raqobatbardoshligi hamda global intellektual va texnologik makonga integratsiyalashuvini taʼminlashning asosi sifatida qaralishini taʼkidladi. So‘nggi 7-8-yil ichida bu sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Biroq hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ham ko‘p.
Ilm-fanni tizimli transformatsiya qilish doirasida yangi avlod tadqiqotchilarini shakllantirish, soha faoliyatini klaster modeli asosida tashkil etish, muhim ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha resurslarni jamlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Bugungi uchrashuvda qatnashgan Yaponiya universitetlari mamlakatimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, “yashil” energiya va barqaror rivojlanish, seysmologiya va “aqlli shahar” texnologiyalari kabi sohalar bo‘yicha mustahkam ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga va yuqori ilmiy hamda pedagogik salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston universitetlari bilan yaqin hamkorlik boshlangan. Kuni kecha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qizg‘in muzokaralar bo‘lib o‘tdi va yangi kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun taʼlim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya, innovatsiyalar bo‘yicha konsorsium tashkil etish, flagman loyihalar, shu jumladan o‘quv jarayoniga SIni joriy etish loyihalarini amalga oshirish hamda muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv dasturini ishga tushirish taklif qilindi.
Tadbir doirasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Sukuba universiteti bilan birgalikda O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum hamda ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlash sohalarida bir qator boshqa hujjatlar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarni tizimli va o‘z vaqtida amalga oshirishni taʼminlash uchun “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrif yakunlandi
Tokioda O‘zbekiston Prezidenti sharafiga rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi