O‘zbekiston Prezidenti va Kuvayt Valiahdi telefon orqali suhbatda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashuvidan jiddiy xavotir bildirdilar
Mart 04, 2026. 18:13 • 2 daq
• 38
TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Kuvayt Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma obyektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani ta’kidlandi.
Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh A’lo Hazratlariga iliq salomlarini yo‘lladi.
O‘z navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan do‘stona qo‘llab-quvvatlash va birdamlik tuyg‘ulari uchun O‘zbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi