O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri Islomobodda bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar
Fevral 06, 2026. 12:56 • 3 daq
• 13
TOSHKENT, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Islomobod shahriga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakatning 300 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmonlik tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Pokiston tomonidan “PEL”, “Waves Singer”, “Sadaqat”, “Fauji”, “Platinum”, “Fast Cables”, “National Fruit”, “Amson Group”, “Shaigan”, “Hans International”, “Secure Logistics Group”, “NLC”, “Fairmont”, “Go Dairy”, “Engro”, “Herbion”, “AGP”, “Arco”, “Habib Rafiq”, “Pakistan Steel Mills”, “Siddiq Sons”, “Uniworth”, “Diners”, “Fatima Group”, “Fateh Group”, “Hub Leather”, “Siddiq Leather”, “Royal Leather”, “Davis”, “Ahsan Dyeing” va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jihatdan rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zaro aloqalar tarixida ilk bor iqtisodiy hamkorlikka yangi sifat bag‘ishlash va savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni nazarda tutuvchi bayonnoma imzolandi.
Ikki mamlakat mutasaddilariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish topshirildi.
O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya tarmog‘i va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistondagi dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Xalqaro brendlar uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor.
Go‘sht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, shuningdek, urug‘chilik va seleksiya sohasida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish savdo hajmini yana-da oshirishning muhim shartidir.
“Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish, Lahor va Islomobod shaharlariga esa aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi, Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi ilgari surilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni amaliy jihatdan mustahkamlash maqsadida joriy yilda birinchi Hududlararo forumni o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston yetakchisi va Pokiston Bosh vaziri erishilgan kelishuvlar to‘g‘risida alohida Bayonnomani imzoladilar. Unda amalga oshirish muddatlari hamda ikki mamlakatning buning uchun masʼul vazirlik va idoralari rahbarlari belgilab olindi.
Shuningdek, yetakchilar huzurida qator investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy kelishuvlarni almashish marosimi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
