Misrlik tadbirkorlar bilan O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi yangi loyihalar muhokama qilinmoqda

Iyul 31, 2026. 12:00 • 2 daq

44
Misrlik tadbirkorlar bilan O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi yangi loyihalar muhokama qilinmoqda

QOHIRA, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlatning “Granity” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida kompaniya direktorlar kengashi raisi Ihab Ali, zavod direktori Hasan Alam ad-Din hamda marketing bo‘yicha direktor Nur Al-Hajari farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Misr ishbilarmonlari o‘z faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazib, biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha ham maʼlumot berdi.

Uchrashuvda kompaniya rahbariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga chiqish va eksport faoliyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Muzokaralar yakunida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Bugungi kunda kompaniya Jamsa shahrida faoliyat yuritayotgani, shuningdek, Qohira shahrida yangi zavod qurilishini boshlagani maʼlum qilindi. Hozirgi kunda kompaniya mahsulotlari qator arab mamlakatlariga eksport qilinmoqda, ular orasida asosiy bozor Saudiya Arabistoni hisoblanadi.

2019 yilda tashkil etilgan “Granity” (Granty Food Industry) kompaniyasi biologik faol qo‘shimchalar va parhez mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi farmatsevtika korxonasi hisoblanadi. Kompaniya yumshoq va qattiq jelatin kapsulalar, sashe (kukun), saqichsimon (gummies) hamda tabletka ko‘rinishidagi vitaminlar, minerallar, immun tizimini mustahkamlovchi hamda metabolizmni yaxshilovchi mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Korxona xalqaro “ISO 22000” va “eGMP” standartlariga to‘liq javob beradi hamda Misr Oziq-ovqat xavfsizligi milliy boshqarmasi tomonidan sertifikatlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish