Toshkentda “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepsiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Dekabr 11, 2025. 10:53 • 2 daq
• 115
TOSHKENT, 11-dekabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda pokistonlik taniqli yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepsiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joyidan.
2025-yilda urdu tilida yozilgan kitobda muallif Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish g‘oyasini ochib beradi va uni maʼrifat, tinchlik va muloqot qadriyatlariga asoslangan o‘zgarishlar loyihasi sifatida ko‘rib chiqadi. Muallifning fikricha, ushbu konsepsiya hamkorlikka universal chaqiriq sifatida qabul qilinadi va vaqtga bo‘ysunmaydigan abadiy g‘oyalarni aks ettiradi.
So‘zboshida Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif kitobda insoniyat sivilizatsiyasining kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini chuqurroq tushunishga imkon beradigan tahliliy kuzatishlar mavjudligini taʼkidlaydi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish tashabbusi o‘zbek xalqining maʼnaviy merosiga asoslangani va insoniyatning farovon kelajagiga xizmat qilishini aytadi. Bosh vazir O‘zbekiston tajribasi Pokistonni ezgu o‘zgarishlarga ilhomlantirishi va yangi global gumanizm rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Muhammad Abbos Xon davlat rahbari g‘oyalari zamirida insonparvarlik dunyoqarashi yotishini taʼkidlaydi. Muallif Prezidentimizning “Ezgulik ezgu niyatdan boshlanadi” degan so‘zlariga asarning falsafiy tayanchi sifatida qaraydi va Uchinchi Renessans g‘oyasi kelajakni shakllantira oladigan kuchga ega ekanini eʼtirof etadi. Xonning fikricha, ushbu konsepsiya O‘zbekiston taraqqiyotining innovatsion modeli va yana-da uyg‘un dunyo qurish taklifi hisoblanadi.
Kitobda o‘zbek davlatchiligining uch ming yildan ortiq tarixiy tajribasidan misollar keltirilgan. Muallif aniq voqealar asosida davlat rahbarining tarix to‘siq emas, balki ko‘prik vazifasini bajarishi, kelajak esa hamkorlik makoni sifatida shakllanishi haqidagi qarashlarini ko‘rsatib beradi.
Asarning birinchi taqdimoti 2025-yil oktyabr oyida Islomobodda Pokiston Prezidenti Administratsiyasi va hukumati vakillari, siyosatshunoslar, ekspertlar va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Pokistonlik mutaxassislarning baholashicha, kitobda ko‘tarilgan g‘oya va talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa mamlakatlari va boshqa mintaqalarda ham eʼtirof etilmoqda.
Kitob o‘zbek tilida ham chop etilgan. Toshkentdagi taqdimot O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Maʼrifat markazi” anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi – spichrayteri Xayriddin Sultonov, Pokiston Prezidentining axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murtazo Solangi, Bosh vazirning savdo masalalari bo‘yicha koordinatori Rana Ixsan Afzal Xon, Pokiston teleradiokompaniyasi vakillari, siyosiy tahlilchilar va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.
Tashkilotchilar – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi, Milliy teleradiokompaniya, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahallalar uyushmasi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot tadqiqotlari instituti, Barqaror rivojlanish markazi, Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi va Pokistonning Daily ITTEHAD media-korporatsiyasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi
Bir guruh fuqarolar “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
IHMM va BMTTD o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkentda “Renessans” milliy mukofoti taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda