Antaliyadagi vatandoshlar milliy qadriyatlar va hamjihatlik namunasini namoyon qildi
Aprel 16, 2026. 15:25 • 2 daq
• 98ANTALIYA, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Turkiyaning Antaliya shahrida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sayyor qabul davomida yuz nafardan ortiq yurtdoshlarimiz tomonidan bildirilgan murojaat, taklif va muammolar atroflicha o‘rganildi. Fuqarolarni qiziqtirgan konsullik masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Vatandoshlarga konsullik hisobida turishning ahamiyati tushuntirilib, ularni mazkur ro‘yxatdan o‘tishga chaqirish ishlari olib borildi. Uchrashuv davomida Turkiyada yashab kelayotgan yurtdoshlarimizga mahalliy qonunlarga hurmat bilan qarash va ularga qatʼiy rioya qilish zarurligi taʼkidlandi.
Hamyurtlarga har qanday muammo yoki savollar yuzaga kelganda, birinchi navbatda Elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilish lozimligi alohida qayd etildi.
Elchixona vakillari “O‘zbegim” uyushmasi bilan hamkorlikda Antaliyada istiqomat qilayotgan yurtdoshlar ishtirokchida Navro‘z bayrami tadbiri ham o‘tkazildi.
Ushbu madaniy tadbirda Antaliya shahar hokimligi vakillari, jumladan, madaniyat, sanʼat va ijtimoiy ishlar bo‘limi rahbarlari, tuman hokimligi va munitsipalitet vakillari, jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida turli madaniy chiqishlar, milliy o‘yinlar va ko‘ngilochar dasturlar namoyish qilindi. Bu orqali yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi birdamlik, milliy qadriyatlarga hurmat va o‘zaro mehr-oqibat yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Anʼanalarimizga muvofiq sumalak tayyorlanib, mehmonlarga o‘zbek milliy taomi – palov tortiq qilindi.
Uchrashuvlar davomida diplomatlar “Turk o‘choqlari” tashkiloti rahbari bilan ham ko‘rishdi. Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Turk tomoni O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish va o‘zbek xalqiga hurmatini bildirib, kelgusida hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarni bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



