“The World News”: Temuriylar Uyg‘onish davri nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga xizmat qilgan
Aprel 14, 2026. 09:00 • 2 daq
• 100
ISLOMOBOD, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “The World News” jurnali Prezident Shavkat Mirziyoyevning Amir Temurning jahon tarixidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati matnini to‘liq e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, anjumanda dunyoning turli nuqtalaridan taniqli olimlar, professorlar va yetakchi muzeylar rahbarlarining ishtirok etayotgani xalqaro hamjamiyatning o‘zbek xalqining qadimiy merosiga bo‘lgan qiziqishidan dalolat beradi.
Maqolada tadbir o‘tkazilayotgan joyning ramziy ma’nosiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Forum O‘zbekistonning uch ming yillik yutuqlarini o‘zida mujassam etgan Islom sivilizatsiyasi markazida, Sohibqiron tavalludining 690-yilligi nishonlanayotgan kunlarda bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari o‘z murojaatida ushbu ilmiy muloqot mintaqadagi eng yorqin ma’rifat bosqichlaridan biri bo‘lgan Temuriylar Renessansi mohiyatini chuqur tahlil qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Nashr Prezidentning XIV asrda Amir Temur asos solgan qudratli saltanat insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgani haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Ayniqsa, Oqsaroy peshtoqiga bitilgan “Adolat – davlatning asosi” degan falsafiy tamoyilga alohida urg‘u berilgan.
Maqolaga ko‘ra, bu hikmatli so‘zlar bugungi kunda ham dolzarbdir, chunki ilm-fan, adabiyot va san’at faqat tinchlik hamda adolat barqaror bo‘lgan muhitda gullab-yashnaydi. Temuriylar Uyg‘onish davri nafaqat Sharq, balki butun jahon sivilizatsiyasi madaniy taraqqiyotiga xizmat qilgan omil sifatida e’tirof etilgan.
“The World News” maqola yakunida O‘zbekistonda ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlaydi. Amir Temur yubileyini nishonlash to‘g‘risidagi maxsus qaror milliy o‘zlikni anglashni kuchaytirish va yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi aytib o‘tilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi