O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Moskvaning gavjum ko‘chalarida namoyish qilinmoqda
Aprel 14, 2026. 09:26 • 2 daq
• 3
MOSKVA, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Rossiya poytaxtining markaziy va gavjum ko‘chalarida joylashgan reklama ekranlarida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatini targ‘ib qiluvchi rang-barang videoroliklar namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan yirik tashqi reklama operatori “Russ Outdor” MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Maʼlum qilinishicha, targ‘ibot aksiyasi joriy yilning 1-30-aprel kunlari davom etadi. Moskva shahridagi 10 ta reklama LED ekranlarida “O‘zbekistonga xush kelibsiz!” videoroliklari kecha-yu kunduz namoyish qilinadi.
Mutaxassislar fikricha, bunday maqsadli reklama kampaniyasi auditoriya xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etilgan bo‘lib, u Moskva aholisi va mehmonlarini O‘zbekistonning boy madaniy merosi va noyob meʼmoriy yodgorliklari bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Bu mamlakatning xalqaro sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshiradi.
Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston rossiyalik sayyohlar orasida tobora ommalashib bormoqda. Turoperatorlar allaqachon yozgi mavsum uchun dasturlarni shakllantirib, aviaqatnovlar sonini kengaytirmoqda.
Qayd etilishicha, 2025-yilda Rossiyadan kelgan sayyohlar soni 1 million kishiga yaqinlashgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 15–20 foizga ko‘pdir. Joriy yilning yanvar–fevral oylarida esa qariyb 125 ming sayohat amalga oshirilgan.
Rossiyalik sayyohlarning asosiy qiziqishi O‘zbekistonning boy madaniyati, qadimiy meʼmoriy yodgorliklari va milliy taomlariga qaratilmoqda. Shuningdek, faol va sog‘lomlashtirish turizmi kabi yangi yo‘nalishlarga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalarining yaxshilanishi ham sayyohlar oqimining o‘sishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Hozirda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni haftasiga qariyb 500 taga yetgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi