“The World News”: O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturini tasdiqladi
Fevral 18, 2026. 10:18 • 2 daq
•
ISLOMOBOD, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop «The World News» elektron nashrida «O‘zbekiston Prezidenti islohotlar dasturi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturini tasdiqladi» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda 17-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berilgani xabar qilingan.
Qayd etilishicha, mazkur loyihalar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.
«Islohotlar dasturlari davlat rahbarining O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan. Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish», – deyilgan materialda.
Taʼkidlanishicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, 23 yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi.
Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston Prezidenti taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» davlat dasturini tasdiqladi», – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
