Toshkent viloyatining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati Pokistonning Lahor shahrida taqdim etildi
Mart 12, 2026. 20:22 • 2 daq
• 3
LAHOR, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati delegatsiyasining Pokistonga amaliy tashrifi doirasida Lahor Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev hamda xorij tomoni mutasaddilari ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Pokistonning turli sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi 120 dan ortiq vakillari ham qatnashdi.
Biznes-forumni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi.
Diplomatik missiya rahbari o‘z so‘zida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, soliq va bojxona tizimini liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u respublikaning ilmiy-intellektual, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, ko‘p tarmoqli sanoat bazasi hamda energetika, neft-kimyo sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud ulkan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Elchi, shuningdek, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida yaratilayotgan sharoitlar haqida ham alohida to‘xtaldi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘z navbatida, Pokiston ishbilarmon doiralari vakillarini O‘zbekistonda, xususan Toshkent viloyatida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.
Biznes-forum davomida Toshkent viloyatida biznes yuritish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlar va mavjud imtiyozlar yuzasidan maxsus taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm, charm sanoati va qurilish sohalarida amalga oshirilishi taklif etilayotgan infratuzilma loyihalari yuzasidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Forum dasturiga muvofiq, Toshkent viloyati va Panjob viloyati ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi